Bugungi kunda maktabda keng qo‘llaniladigan metodlardan biri yangi pedagogik texnologiya bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchilarning birday faoliyat ko‘rsatishini talab qiladi. Negaki, o‘rganuvchi o‘zi bajargan mashqlari yordamida ko‘nikma hosil qilib, hodisalarning o‘xshash va bir-biridan farq qiluvchi tomonlarini kuzatadi. Ingliz tili darslarida o‘quvchilar nutqida kam qo‘llaniladigan so‘zlarni faollashtirish, ularni o‘z nutqida erkin qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirish xilma-xil usullar orqali amalga oshiriladi. Bu borada, avvalo, ingliz tili darslarining sifati va samaradorligini oshirishda pedagogik texnologiyalar muhim hisoblanadi.Ta’lim samaradorligini oshirishda interfaol uslublar juda katta samara beradi. Dars jarayonida o‘qituvchi subyekt, o‘quvchi ham subyekt bo‘lishi va o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borishi kerak. Darsning muvaffaqiyati erishilgan natijaga qarab baholanadi, natija bo‘lmasa, bu pedagogik texnologiya hisoblanmaydi.Dars jarayonida yangi fikrlarni uyg‘otish uchun sinf yozuv taxtasi o‘rtasiga katta qog‘oz varag‘iga asosiy so‘z yoki gapni yozing. Aqliy xujum o‘tkazing. Tushuncha va g‘oyalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganing. Eslagan variantlaringizning hammasini yozing.G‘oyaga muvofiq ishlab chiqilgan klaster metodi puxta o‘ylangan taktika bo‘lib, undan o‘quvchi bilan yakka tartibda yoki guruh asosida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar jarayonida foydalanish mumkin. Sinf o‘quvchilari asosida tashkil etilayotgan mashg‘ulot guruh a’zolari tomonidan bildirilayotgan g‘oyalarning majmuasi tarzida namoyon bo‘ladi. Mazkur texnologiya bir mashg‘ulot davomida o‘quv materialini chuqur va yaxlit holda o‘rganish, ijodiy tushunib yetish va erkin egallashga yo‘naltiradi. Shuningdek, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, yaxshi o‘zlashtirish, umumlashtirish hamda o‘quvchilarni shu mavzu bo‘yicha tasavvurlarini chizma shaklda ifodalashga undaydi.
J.KENJABAYEV,
TerDU xorijiy filologiya fakulteti dotsenti, p.f.f.d (PhD)