Jurnalistika jamiyat hayotining ko‘zgusi, xalq va davlat o‘rtasidagi muloqotning muhim vositasidir. Bu sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, voha hayotini keng yoritish, odamlarning quvonch va tashvishlarini jamoatchilikka yetkazishga hissa qo‘shgan ijodkorlar alohida ehtiromga loyiq.
Termiz shahrida taniqli telejurnalist, «Tafsilot press» gazetasi bosh muharriri Jo‘raqul Tursunovning 65 yoshga to‘lishi hamda jurnalistika sohasidagi 45 yillik faoliyati munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning yubilyarga yo‘llagan tabrigi Denov tumani hokimi Anvar Normamatov tomonidan o‘qib eshittirildi. Shuningdek, senator, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Ko‘chimov, telejurnalist Muhammadjon Obidov, soha faxriylari va jamoatchilik vakillari ham o‘z tabriklarini izhor etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Jo‘raqul Tursunovni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etib, uning Surxondaryo jurnalistikasi rivojiga qo‘shgan hissasi, voha hayotini respublika miqyosida yoritishdagi xizmatlari hamda yosh ijodkorlarga ustozlik faoliyatini alohida e’tirof etdilar.
Qayd etilganidek, Jo‘raqul Tursunov mehnat faoliyati davomida mahalliy va respublika matbuoti, radio hamda televideniye tizimida samarali faoliyat yuritgan. Xususan, «O‘zbekiston» telekanalida 22 yil davomida ishlab, Surxon vohasining hayoti, odamlari, yutuq va muammolarini keng jamoatchilikka tanitishga munosib hissa qo‘shgan. Uning fidokorona mehnati davlatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etilgan.
Bugungi kunda ham ijodkor fermerlik, muharrirlik va blogerlik faoliyatini davom ettirib, jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Tadbir davomida hamkasblari va davradoshlari uning boy hayotiy tajribasi, kasbiga sadoqati, samimiyligi va insoniy fazilatlari haqida iliq fikrlar bildirib, birgalikda kechgan ijodiy faoliyatlari bilan bog‘liq xotiralarini o‘rtoqlashdilar.
Tantanali tadbir yakunida Jo‘raqul Tursunovga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik va kelgusi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilandi.

