Turmush farovonligini oshirish, ya’ni aholining yashash sifatini yuqori pog‘onaga ko‘tarish dolzarb masalaga aylanib ulgurgan. Turmush sifati esa xarid qilayotgan, iste’molimizdagi mahsulotlarimiz, yon-atrofimizdagi bizni o‘rab turgan muhitda sifatli va standartdan o‘tgan, bir so‘z bilan aytganda, yuqori sifatga ega mahsulotlar jamuljamligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham butunjahon Sifat kuni har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida noyabr oyining ikkinchi payshanba kuni nishonlanib kelinadi. Ushbu bayram dunyoda birinchi marta 1989-yil 9-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ko‘magida Yevropa Sifat Tashkiloti (YEST) tashabbusi bilan nishonlangan.Butunjahon Sifat kunining asosiy maqsadi, yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlarning ahamiyatini oshirish, shuningdek, sifatga erishishdagi muammolarga e’tiborni qaratish tadbirlarini faollashtirishdan iborat. Sifat — bu nafaqat odamlar va atrof-muhit uchun, balki mahsulotlarning xavfsizligi, iste’molchilarning so‘rovlari va talablarini belgilaydigan muhim mezon hisoblanadi.Zamonaviy sharoitda sifat tushunchasi innovatsiyalarni amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liq va bugungi kunda innovatsion rivojlanish faqat sifat bilan uzviy bog‘liq holda bo‘lib, uni doimiy ravishda takomillashtirib va o‘zgarib turishi mumkin.Bu mahsulotni, tashkilotni va oxir-oqibat atrofimizdagi dunyoni yaxshilaydigan sifatdir, bu har bir korxona, har bir sanoat va albatta, har bir mamlakatning rivojlanishida va barqaror muvaffaqiyatga erishishga undaydi.O‘zbekistonimizning sifat sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarimiz va xizmatlarning raqobatdoshligini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni hal qilish va pirovardida fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdan iboratdir.O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligining viloyatdagi tizim tashkilotlari, ya’ni Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi viloyat bo‘limi, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi viloyatdagi filiali va “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi viloyat filiali hamda OAV ishtirokida press tur o‘tkazildi.Press tur qatnashchilari “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi Surxondaryo filialining sinov laboratoriyalari bilan tanishib, mahsulotlarning sifatini aniqlashda filial tomonidan olib borilayotgan ishlar hamda sinov ishlarining olib borish jaryonlari bilan ham yaqindan tanishishdi.Press tur ishtirokchilari savdo nuqtalarida bo‘lishib, savdo xodimlariga va xaridorlarga mahsulotlarning sifati ularning yorliqlanishi bo‘yicha texnik reglament va standartlarning talablarini tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishdi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyati bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.— O‘zbekiston Respublikasi “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda boshqa sohaga oid qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olish maqsadida viloyatdagi 510 ta korxonada profilaktika tadbirlari o‘tkazildi, — deydi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Karimov. — Profilaktika tadbirlari natijasida 225 ta korxona 318 ta standart va texnik reglament bilan ta’minlandi, 224 ta korxonaning 986 ta o‘lchash vositasi metrologik qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazildi, 17 ta korxonada sertifikatlashtirish ishlari olib borildi. Shuningdek, viloyatda faoliyat olib borayotgan 915 ta korxonalarga xavf tahlili asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish xatlari jo‘natildi. Bozor nazorati yo‘nalishida esa viloyatdagi savdo rastalarida realizatsiya qilinayotgan xalq iste’mol tovarlarini o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida 17 turdagi mahsulotlar, jumladan 6 turdagi oziq-ovqat, 3 turdagi qurilish, 3 turdagi elektrotexnika, 2 turdagi mashinasozlik, 3 turdagi yengil sanoat mahsulotlarining texnik reglament va standart talablariga nomuvofiqligi aniqlandi. Aniqlangan nomuvofiqlikni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan korxona vakillariga o‘z vaqtida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Davlat nazorati bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, shu kunga qadar mas’ullar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan ruxsat olgan holda o‘tkazilgan davlat nazorati tadbirlari natijasida 33 ta holatda texnik reglament va standart talablari, 18 ta holatda metrologiya qoidalari 10 ta holatda sertifikatlashtirish qoidalari buzilganligi aniqlandi. Ushbu aniqlangan kamchiliklar natijasida korxonalarning mas’ullarga ma’muriy hamda korxonalarga iqtisodiy jarimalar qo‘llanilib kelinmoqda.Sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish yo‘nalishida o‘tgan davr mobaynida Sinov laboratoriyalarni akkreditatsiya talablariga moslashtirish maqsadida, jami 433 090 ming so‘m, shundan 406 375 ming so‘m sinov uskunalari xarid qilindi. Shuningdek, jami 705 dona, shundan, Texnik jihatdan tartibga solish nazorat inspeksiyasi 8 ta, sertifikatlashtirish 63 ta va 634 tasi davriy sinovlar bo‘yicha sinov bayonnomalari rasmiylashtirilganligini alohida ta’kidlash joiz. Hozirgi kunda filial sinov laboratoriyasining vakolat doirasini 23 ta sinov usuliga kengaytirish ishlari olib borilmoqda. “UzTesT” DM Surxondaryo filiali mahsulotlarni sertifikatlashtirish bo‘limi tomonidan 2024-yil yanvar-sentyabr oylari davomida tadbirkorlik subyektlarining 183 ta murojaati asosida 14 ta murojaat o‘rganib bo‘lingandan so‘ng, sertifikatlashtirish ishlari o‘tkazilishi borasida ruxsat xati va umumiy 169 ta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilib berilgan. Shundan: 9 tasi kimyo sanoati, 13 tasi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, 19 tasi elektrotexnika, 86 tasi qurilish, 15 tasi mashinasozlik, 27 tasi yengil sanoat mahsulotlariga rasmiylashtirilgan. Viloyatdagi 110 ta korxonalarga xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifat menedjmenti tizimlarini joriy qilindi va sertifikatlashtirildi. Savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Sifatli mahsulotni xarid qilish uchun xaridorlar mahsulot sotib olayotganida nimalarga e’tibor berishi muhim? O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risida”gi Umumiy texnik reglamentning 11-bandiga asosan, oziq-ovqat mahsuloti joylashtirilgan transport o‘rami tamg‘asida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Eng avvalo, oziq-ovqat mahsulotining nomi, miqdori va massasi, tayyorlangan sana, yaroqlilik muddati, saqlash shartlari hamda taqqoslash imkonini beruvchi ma’lumotlar, shuningdek, oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan mamlakat (oziq-ovqat mahsuloti kelib chiqqan joyning nomi), tayyorlovchi (ishlab chiqaruvchi)ning nomi va joylashgan joylari to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.Agar transport o‘ramiga tayyorlovchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan keyinchalik qadoqlash (konfetlar, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari) uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsuloti iste’mol o‘ramisiz joylashtirilgan taqdirda, bunday oziq-ovqat mahsuloti joylashtirilgan transport o‘ramini tamg‘alash Texnik reglamentning 8-bandi talablariga muvofiq bo‘lishi muhim sanaladi. Shunday ekan, eng avvalo, turmush sifatini oshirmoqchi, sifatli mahsulot xarid qilmoqchi ekanmiz, belgilangan talab va standartlarni o‘zimiz yaxshi bilib olishimiz va sotuvchidan o‘sha sifatdagi mahsulotni talab qilish va sifatli mahsulotlarning hayotimizga kirib kelishiga zamin yaratishimiz kerak. Ana shundagina sifat kuni doirasida amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Adolat MO‘MINOVA