Termizda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi

Date:

Surxondaryo, xususan, Termiz haqida gap ketganda, nafaqat respublikamiz, balki dunyo xalqlari, eng avvalo, Termiziy bobolarimizni esga oladi. Sababki, Termiziylarning qoldirib ketgan ulkan ma’naviy merosi, jahon tamaddunida tutgan o‘rni yetti iqlimga ma’lum-u mashhur. Termiziylarni bilmagan, bir bor bo‘lsa-da ilm ummonidan bahra olmagan kishi topilmasa kerak. Ilm-ma’rifat mayog‘i bo‘lib maydonga chiqqan bobokalonlarimiz bilan qancha faxrlansak, ularning urfonini mutolaa qilib dilga jo qilsak, hayotimiz va faoliyatimizning mazmun-mohiyatiga jo etsak shuncha kamdek, nazarimda.
Yangi Oʻzbekiston maʼrifat mayogʻini baland tutib, dunyo xalqlarini ezgulik, tinchlik va birodarlikka chorlamoqda! Albatta, bu bejiz emas. Buyuk oʻzbek yoʻli doim ma’rifat, umuminsoniy manfaatlar ustiga qurilgan.


Tarixdan yaxshi maʼlum, ilgari ham eʼtiqod, qarashlar oʻrtasida turli ziddiyatlar koʻp uchragan. Oʻsha davrlarda ham ulugʻ alloma ajdodlarimiz oʻz ilmiy salohiyati, bilim va tafakkuri, maʼrifatparvarligi bilan ularga munosib javob bergan. Ana shunday buyuk zotlardan sanaladigan Termiziy bobomizning nomini abadiylashtirish, ulkan merosini yosh avlodga yetkazish, ilmidan bahramand bo‘lish bugun har qachongidan ham muhimdir. Zero, dunyoni ilm-ma’rifat va ma’naviyat tutib turadi.


Prezidentimiz tomonidan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risida” qarori qabul qilinib, viloyatimizda ham bu borada katta tayyorgarlik ko‘rildi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida joriy yil 17-18-oktyabr kunlari O‘zbekistonda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanishi belgilangan edi. Bugun Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Mazkur anjumanda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan islomshunos olimlari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilari bilan birga Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston kabi dunyoning o‘nga yaqin davlatidan taniqli olim va ulamolarni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz xalqaro aeroportida tantanali kutib oldi.


Mehmonlar orasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Qatar Xalqaro musulmon ulamolar kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘i, Hindiston Ulamolari uyushmasi raisi Arshad Madaniy, Turkiyaning Anqaradagi Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez kabi taniqli ulamolar bor.


Anjumanning birinchi kunida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ochilish marosimi, xalqaro anjuman yalpi yig‘ilishi, sho‘balar yig‘ilishlari, xorijlik ulamolar ishtirokida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi talabalari bilan uchrashuv, yopilish marosimi hamda boshqa qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hamda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan tashrif buyurgan taniqli olim va ulamolar qatnashmoqda.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.


“Biz ulug‘ allomalarning vorislari sifatida islom dinimiz tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini ta’kidlab, bu tengsiz boylikdan bashariyatning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun birgalikda foydalanishni, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishni o‘zimizning asosiy burchimiz, deb bilamiz.
Ana shunday olijanob maqsad yo‘lida yurtimiz olimlari, ulamolari bilan birga jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman. O‘zbekistondagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari eshiklari sizlar uchun hamisha ochiq”, — deyiladi tabrik so‘zida.
Anjumanda, shuningdek, mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan islomshunos olimlari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilari bilan birga dunyoning o‘nga yaqin davlatidan 50 dan ortiq taniqli olim va ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.


Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ushbu xalqaro konferensiyaga bir necha hamkor tashkilotlar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, anjuman ishi uchun barcha sharoitlar hozirlangan.
Martabali mehmonlar uchun so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan diniy-ma’rifiy o‘zgarishlar haqida o‘zbek, ingliz, rus va arab tillarida risola, anjumanning mazmun mohiyati to‘g‘risida buklet va esdalik sovg‘alari tayyorlangan.
Anjuman davom etmoqda.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qahramon”ning qiyofasi o‘zgarmoqda

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”...

Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish...

Mening hissam

Yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, o‘quvchi va talabalar...

Adolat va halollik—bosh mezon

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan...
KunTun
KunTun