Yondashuv yangi, natija yuksak

Date:

Bugun maktabgacha ta’lim muassasalari mas’uliyatli vazifalarni bajarayotganligini e’tirof etish lozim. Har bir bola bir dunyo ekan, demak, ular bilan ishlashda alohida yondashuv zarur. Ularning qiziqishlari, psixologiyasi, qarashlari inobatga olingan holda ta’lim-tarbiya jarayoniga kirishiladi. Ta’lim-tarbiya bilan birga sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, to‘g‘ri va foydali taomlanish ratsionini qo‘llash ham zarurat.
Yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilish, ularning kelajagi haqida qayg‘urish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashda jahon talablari, standartlaridan kelib chiqib yondashish lozim. “Mehribonlik korpusi”ning O‘zbekistondagi filiali bu borada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirgani farzandlarimiz hayotida tub burilish yasay oldi. Ushbu korpusning “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi” uchun MakGovern-Doul xalqaro oziq-ovqat dasturi doirasida joriy yil boshida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi
180 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlari ishtirokida “Trenerlar uchun trening” mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Hozirda trening ishtirokchilari mentor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
— Maktabgacha ta’lim sohasida shu vaqtga qadar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida ish tutilgan bo‘lsa, endilikda mentorlar, ya’ni ustozlar ham shogirdlari bilan bir qatorda ta’lim-tabiya jarayonida ishtirok etib, birgalikda natijaga erishish uchun mehnat qilmoqda. Albatta, kechagi bola bilan bugungisining farqi yo‘q, — deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi 7-DMTT tarbiyachisi Maysara Ergasheva. — Bu kichik mehnatimiz evaziga erishgan katta yutug‘imiz deyishimiz mumkin. Bolajonlarni mashg‘ulotlarimizga qiziqtira oldik. Zerikarli va’zxonlikdan voz kechib, harakatli o‘yinlar, rasmli ko‘rgazmalardan foydalanib, ta’lim berayotganimiz, o‘g‘il-qizlarimizning qiziqishlarini oshirib, ularning-da faolligini oshirishga xizmat qilayotir.


Albatta, mazkur treninglar bolalarning xotirasini yaxshilashga, faolroq bo‘lishga undayapti. Natijasini ko‘rgan tarbiyachi-pedagoglarning ham shijoati oshgan, o‘z ishlariga yanada mas’uliyat bilan yondashishmoqda.
Mehribonlik korpusi” bu bilan kifoyalanmadi, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 294 dan ortiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rganish ishlari olib bordi. Zero, tizimda muammo va kamchiliklar bartaraf etilmay turib, hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu sabab, viloyatdagi 10 ta MTTda quyosh panellari va qo‘l yuvish stansiyalari o‘rnatildi. 11 ta DMTT da oshxona oqava suvlari uchun yopiq handaqlar qurilib, 12 tasida suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlari tortildi. Bir so‘z bilan aytganda, kamchiliklar to‘ldirilib, muammoli holatlar bartaraf etildi. Bu DMTT xodimlari uchun qulaylik yaratib, bolalarga g‘amxo‘rlik qilishda qo‘l kelayotgani bilan quvonarli.
Ha aytgancha, “Mehr korpusi” tarqatgan ilm-u ma’rifat nuri bolajonlarimizning ong-u shuurini yoritmoqda. Korpus ta’lim tashkilotlarida mo‘jaz kutubxonalar tashkil etishda ham bosh-qosh bo‘ldi. Natijada, kutubxona jihozlari, kitob javonlari o‘rnatilib, 126 nomdagi ertak kitoblari bilan ta’minlandi.
Shaxsiy gigiyena ham muhim va e’tibor berish lozim bo‘lgan jihat. Korpus bu jihatlarga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Olib borilgan profilaktik tadbirlar tarbiyalanuvchilar salomatligini yaxshilashga, to‘g‘ri ovqatlanishlariga qaratilgan. E’tiborga olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari dastur doirasida kerakli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ham ta’minlanib kelmoqda.
Dasturning yana bir foydali jhati shu bo‘ldiki, bola bilan ishlashda tarbiyachi-pedagog va ota-onalar hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Hali bog‘chaga bormagan bolajonlarning ham aka-opalarining o‘rganishga, bilishga bo‘lgan qiziqishlari ularni-da befarq qoldirmayotgani amaliyotda o‘z aksini ko‘rsata oldi. Demak, hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yildi deya ishonch bilan ayta olamiz.
Xo‘sh, amalga oshirilgan ishlar o‘zini oqladimi? Bolajonlar uchun foydali bo‘ldimi? Ayni ishlarni sarhisob qilish maqsadida Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “Mercy Corps” xalqaro nodavlat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali o‘rtasida imzolangan anglashuv Memorandumiga asosan konferensiya o‘tkazildi.
Maktabgacha ta’lim asoslarini mustahkamlash yuzasidan o‘tkazilgan konferensiyada viloyatimizdagi 106 ta maqsadli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mentor va pedagoglari ishtirok etdi. Dastavval, Norvegiyadagi Askeveien barnehage DMTT o‘qituvchisi Sara Magdalena Brannstrom, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Svetlana Xanlar so‘zga chiqib, pedagoglarning bilishi kerak bo‘lgan eng muhim ma’lumotlardan tortib, maktabgacha yoshdagi bolalarning xotirasini rivojlantirish haqidagi qimmatli va qiziqarli faktlardan voqif qildilar. Shundan so‘ng, viloyatimizdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mentor va pedagoglarining chiqishlariga navbat berildi. Aytish kerakki, bir necha oy avval o‘tkazilgan treninglarda olingan bilimlar amaliyotda sinalib, olingan natijalar ko‘z-ko‘z qilindi. “Bog‘cha opa”larning chiqishlari, ko‘zlaridagi quvonch-u hayajon, bola kabi sahnada faol va jonkuyarlik ila ro‘l o‘ynashlarini kuzatib turib, bevosita ularni bolalar bilan qanday ishlashlarini tasavvur etasiz. Albatta, o‘z auditoriyasining e’tiborini tortib, biz kattalarni-da, harakatli o‘yinlarga, kuylab, raqsga tushirishganidan bilish mumkinki, tarbiyalanuvchilarning vaqti chog‘ o‘tish bilan birga, foydali, bilimlarga boy o‘tadi.
Yana bir gap, g‘arbliklar bolaga e’tibor qaratish, ularni jalb qilish metodlari haqida o‘z tillarida tushuntirishar ekan, kamtar tarbiyachi-pedagoglarimiz berilib tingladilar. Ammo sharqona qarashlar, o‘zbekona qadriyatlarimiz qon-qoniga singib ketgan pedagoglarimiz, avvalo, ayol, ona sifatida har bir bolaga o‘z farzandidek mehr va e’tibor berishlariga shubha yo‘q. Rag‘bat va bunday g‘amxo‘rlik esa har qanday bola psixologiyasiga ta’sir etmay qolmaydi. Bu esa ertangi kun egalariga bo‘lgan ishonchimizni oshirib, ularning taqdiri ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolat beradi. Onadek mehribon va salohiyatli tarbiyachilarimiz qo‘lida bo‘lajak davlat arboblari, ustozlar, jahon chempionlari, xullas, har bir sohaning salohiyatli kadrlar yetishib chiqishi aniq.

Sayyora ALLAYEVA,
Dinara QO‘ZIMUROTOVA
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xalqaro kuzatuvchilar gazeta tahririyatida

Sanoqli kunlardan so‘ng, yurtimizda muhim siyosiy jarayonlar boshlanadi. Tayyorgarlik,...

Faqat Ko‘hitangda bor…

Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududi O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasining...

Sho‘rchida xrizantema yetishtirilmoqda

Bayram yoki tug‘ilgan kunimizda gul sovg‘a qilishsa, bahri dilimiz...

“Qo‘qon–Termiz–Qo‘qon” yo‘nalishi bo‘yicha…

Qaysidir viloyat yoki davlatga borishimizga to‘g‘ri kelsa, manzilga eng...
KunTun
KunTun