Ortda qolayotgan eski yilda eng esda qolarli voqealardan biri bu shubhasiz o‘tgan qishning ayozli kunlari — anomal sovug‘i bo‘ldi. Sovuq bilan bir qatorda elektr energiyasiz o‘tgan damlar, chekka hududlarda har 2 soat elektr energiyada uzilishlar “mavsumi” ham ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilganicha yo‘q.
Ayni qirchillama qish kunlarida yana shu holat takrorlanadimi, elektr energiyada yana uzilishlar bo‘lsa aholiga energiyasiz pallalarda qiyin bo‘lmasmikin, degan haqli xavotirlar ham yo‘q emas.
Shubhasiz elektr energiyasisiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Aholi son jihatidan ortishi, ishlab chiqarish, sanoat tarmoqlarining jadallik bilan rivojlanishi, fan-texnika taraqqiy etishi so‘nggi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni toboro oshirib bormoqda.
Biroq eski yilning eskiligi sifatida elektr energiya muammosini tarix zarvaraqlariga muhrlash va kelgusi yildan aholini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash borasida bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamizda muqobil energiya manbalarini yaratish, ayniqsa, quyosh panellaridan energiya ajratib olishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Hayhotdek yastanib yotgan Sherobodning bir burchida yirik fotoelektr stansiyalari qurlishi, ushbu loyihani hayotga tatbiq etish uchun esa xorijiy investitsiya jalb qilinishi olamshumul voqea bo‘lmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-yanvardagi “Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida quvvati 456,6 MVT bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tumanning “Bog‘obod” mahallasi hududidagi 630 gektar yer maydonida yirik elektr stansiyasi bunyod etilmoqda.
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Sherobod tumani “Bog‘obod” mahallasi hududida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan davlat-sherikchilik asosida qurilayotgan quyosh elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari hamda jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Quvonarli jihati shundaki, loyiha quvvati 457 MVT, umumiy qiymati 260 million dollar bo‘lgan mazkur elektr stansiya ishgach tushgach 495 ming xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Aytish joizki, mazkur stansiyada 1 milliondan ortiq quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan bo‘lib, ayni vaqtda panellarni o‘rnatilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ayni damda qurilish ishlariga xitoylik mutaxassislar bilan bir qatorda 2 mingdan ortiq mahalliy aholi jab etilgan. Eelektr stansiya to‘liq quvvat bilan ish boshlagach 120 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Media tadbirda ishtirokchilar pudratchi korxona – Xitoyning CMEC kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi.
Holva desa, og‘iz chuchiydi, deganlaridek yaxshi niyat bilan boshlangan yirik loyihaning qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, elektr energiyasi bilan bog‘liq xavotirlarimiz bir zum bo‘lsa-da, bizni tark etgandek bo‘ldi.
Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yilda foydalanishga topshirilishi esa ko‘plab xonadonlarning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondiribgina qolmay, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlashi ham ahamiyatlidir.
Adolat SAFAROVA