OMAD

Date:

Bir daydi yo‘lda ketayotib, simyog‘ochdagi g‘alati e’longa ko‘zi tushdi. Unda shunday yozilgandi:
«Uch qavatli imorat sotiladi. Narxi 1 dollar».
— Bema’nilik! — ming‘irladi daydi. Ko‘chada och-nahor yurgan sayoq ko‘p qavatli uylarning devorida osilgan e’longa ko‘zi tushdi. Unda ham yuqoridagi so‘zlar bitilgandi. «Adashib yozishgan bo‘lsa kerak?» deya ko‘nglidan o‘tkazdi u va yo‘lida davom etdi. Shohko‘chaga chiqqach, o‘sha so‘zlar bitilgan e’lonni ko‘rdi. Sayoq o‘ylanib qoldi va bunday e’lonni qaysi ahmoq yozganligiga qiziqdi. Cho‘ntagidagi bir dollaridan bo‘lak yo‘qotadigan davlati yo‘q edi. Kerakli manzilga borganida, chindan ham, mahobatli imoratni ko‘rdi. Eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi. Eshikni bir go‘zal xonim ochdi.
— Kechirasiz, e’lon bo‘yicha keluvdim. Bu hazilmi?
— Nima deyapsiz? Aslo!
— Bu uyning narxi chindanam atigi bir dollarmi? — Nega ajablanasiz? Nima, bir dollarga uy xarid qilish mumkin emasmi? Bu hayotda iloji yo‘q ishning o‘zi yo‘q. Quvonchdan terisiga sig‘magan sayoq bir dollarni darhol ayolga tutqazdi va muhtasham uy sohibiga aylandi. Baxti kulganiga qaramay, u aqli teran ayolning bu ajoyib imoratni nega suv tekinga sotayotganiga ajablanganini yashirib o‘tirmadi. Ayol esa unga jilmayganicha:
— Bog‘ini so‘ramay, uzumini yeyavermaysizmi! — dedi, lekin sayoq ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, uni hol-joniga qo‘ymaganidan keyin, shunday dedi: — Marhum erim xotinlarga o‘ch odam edi. Uning bu qilig‘idan qanchalar qiynalganimni dasturxon qilib o‘tirmayman, lekin shunday bo‘lsayam, erimning hurmatini joyiga qo‘yardim. Umr yo‘ldoshim narigi dunyoga ketar chog‘da ham meni kuydirib ketishni unutmagan ekan. Marhumning vasiyatiga ko‘ra, bu uyni sotib, pulini ma’shuqasiga berishim talab qilinardi. Boshida juda kuydim va kuyindim. Axiyri, erimning vasiyatini yerda qoldirmaslikka qaror qildim. Bu e’lon yarim yil osilib turdi. Unga qiziqqan yagona odam sizsiz.
Shunday ekan, taqdirning kutilmagan baxtidan bahramand bo‘lib yashayvering! Xudo omadingizni bersin! Ajoyib boshpana bilan sizni qutlayman!
U kalitlarni uyning yangi sohibiga topshirib, chiqib ketdi.

El Muerto

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Rahbarlar kitob ulashdi

“O'zbеkiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Rеspublika...

“Chashma”dan birgalikda foydalanamiz

Oʻzbеkiston va Qirgʻiziston “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish boʻyicha kеlishuvga...

Milliy liboslar namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mahkamova raisligida 2025-yil 19-mart...

Mehnati muvaffaqiyat keltirdi

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2025” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika...
KunTun
KunTun