Biznesga birinchi qadam rag‘batlantirildi

Date:

Yoshsiz, ish izlayapsiz yoki qandaydir loyihangiz bor-u o‘z biznesingizni boshlashga ikkilanyapsiz. Sarmoya masalasi, boshlanajak ishning daromad keltirish-keltirmasligi haqidagi o‘ylar sizni to‘xtatib turadi. Ammo, atrofimizda shunday yoshlar borki, azm-u shijoat bilan hech bir ikkilanishlarsiz o‘z orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun tinib-tinchishmaydi. Ular esa ikkilanadigan, ilk qadamni tashlashga qo‘rqadiganlarga motivatsiya bera oladi.  Bugungidek ilm-fan, texnika rivojlangan bir paytda pul topish, daromad orttirish uchun qora  terga botib mehnat qilish shart emas. Bugun g‘oyalar, innovatsiyalar, inson aql-u salohiyatining mahsuli foyda keltiradi. “Biznesga birinchi qadam” start-up g‘oyalar tanlovi yoshlarning ana shunday g‘oyalarini, loyihalarini ro‘yobga chiqarishga, munosib qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida ushbu tanlovning viloyat bosqichiga start berildi.

“Biznesga birinchi qadam” tanlovini Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ochib berdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidor va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, shu sababdan ham mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarlar, IT-texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berajagini ta’kidladi. Tanlov ishtirokchilari bo‘lmish yoshlarga omad va muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng, tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar yosh tanishtirilib, ularning taqdimotlariga navbat berildi.

G‘oya va loyihalar o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Qandaydir muammo yoki jamiyatdagi kamchiliklar yoshlarning munosib yechim izlashlariga turtki bo‘layotganini ishtirokchilarning tanlovga taqdim etgan loyihalari misolida bilish, ko‘rish mumkin bo‘ldi. Oltinsoylik ishtirokchi tumanda onlayn taksi xizmati yo‘qligi sabab, ushbu xizmatni yo‘lga qo‘yish haqidagi taqdimotini himoya qildi.

Sayyod Abdurahmonov esa yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha chekka hududlardagi yoshlarni o‘qitishni taklif etayotgan bo‘lsa, qumqo‘rg‘onlik Abbos Xushbaqov “Aladdin Delivery” xizmati orqali mahsulot buyurtma qilish, yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Bugungidek turizm sohasiga e’tibor kuchaygan bir paytda bandixonlik ishtirokchi O‘rolbek Abdurahmonov esa “My adress” loyihasi orqali qo‘shimcha xizmatlarini taklif etdi. Viloyatimizga tashrif buyurgan turist borki, ushbu xizmat orqali bemaol istagan joyiga borishi, mehmonxona, tamaddixona manzilini olishlari mumkin.

Behruz Ro‘zimurodov esa “UzBooks” ilovasini tavsiya qilar ekan, kitob izlovchilar uchun bu eng yaxshi tanlov ekanini ishonch bilan e’tirof etdi. Akbarali Turdiyevning haydovchisiz elektrotraktori esa barchaning e’tiborini tortdi. Qishloq xo‘jaligida inson ishtirokisiz berilgan algoritm bo‘yicha buyruqni bajaruvchi elektrotraktorning funksiyalari, afzalliklari aytib o‘tildi. Arzon va sifatli ushbu mahsulot munosib qo‘llab-quvvatlansa, bir yil ichida yaxshigina daromadga kirishi e’tirof etildi.

Hakamlar hay’ati esa har bir ishtirokchining taqdimotini sinchkovlik bilan tinglab, g‘oliblarni saralab, munosiblarni rag‘batlantirdilar. Yakunda qumqo‘rg‘onlik Abbos Xushbaqovning loyihasi 3-o‘ringa munosib ko‘rildi va 40 millon so‘mlik voucher sohibiga aylandi. Uzunlik Dilnoza Jumayevaning onlayn sayohat biznes loyihasi 2-o‘ringa loyiq topilib, 50 million so‘m bilan rag‘batlantirildi. Tanlovda eng yaxshi biznes loyiha sifatida esa Akbarali Turdiyevning haydovchisiz elektrotraktori topildi va 60 million so‘mlik voucher bilan mukofotlandi. Albatta, e’tirof va rag‘bat, munosib qo‘llab-quvvatlov yoshlarni yanada ruhlantirishi, o‘z ustida ishlab, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga kuch berishiga shubha yo‘q. Shu nuqtai nazardan “Biznesga birinchi qadam” tanlovi ishtirokchilarga ham, tomosha qilayotgan yoshlarga ham motivatsiya bergan bo‘lsa, ajab emas.

Sayyora ALLAYEVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(surat)

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun