Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollari Forumi boshlandi

Date:

Tadbirkorlik qilishni, biror maqsad qo‘yib unga yetishni, qo‘lidan qandaydir ish kelishini isbotlab qo‘yishni ko‘pchilik ayollar istashi turgan gap. Biroq havaskorlarning hammasi ham to‘laqonli tadbirkor bo‘lib ketavermaydi. Tadbirkorlikning, biznesda muvafaqqiyatga erishishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Ama-taqal qilib biror bir ish yoinki hunarning etagidan tutdi ham deylik, ishlab chiqarayotgan mehnati mahsulini jahon bozori tugul mahalliy bozorga ham olib chiqishning o‘zi bir mushkul.

Biroq bugungi kunda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, ayniqsa, ayollarning mehnati alohida e’tirof etilayotgani sir emas. Tadbirkorlik, hunarmandchilikni erkaklar barobarida xotin-qizlar ham bib-binoyidek uddalab qo‘ymoqda.

Tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chakana, ulgurji bozorlar bilan bir qatorda onlayn bozorda ham sotish imkoniyati yaratilmoqda. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi tadbirkorlikda ham onlayn ish yuritish, onlayn platformalar orqali jahon bozorini egallashga jadal kirishildi.

Termiz shahrida viloyat hokimligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, shuningdek, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamkorligida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarining “Hunarmandchilikda elektron tijorat – Markaziy Osiyo ayollari biznesidagi asosiy oʻzgarishlar drayveri” mavzusida mintaqalararo forumi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu forum sohada tub burilish yasab, Markaziy Osiyo tadbirkorlarining onlayn bozori shakllanishi va kelgusida jahon bozoriga kirib borishiga yo‘l ochishga xizmat qilishi kutilmoqda.

            Forum ishida Markaziy Osiyoning 100 dan ortiq tadbirkorlikda yuqori natijalarga erishgan, tajribali va ishbilarmon ayollari ishtirok etishmoqda. Taklif etilgan mehmonlar orasida Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Afg‘oniston davlatlarining xotin-qizlar ishbilarmon doiralari vakillari, Termiz tumanidagi “Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish ta’lim Markazi” ishtirokchilari, raqamli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari, raqamlashtirishga jalb etilgan davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishayotir.

Forumning ochilishida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, “Markaziy Osiyo azaldan Buyuk ipak yo‘lining asosiy nuqtasida joylashganligi, bu hududda hunarmandchilik, ayniqsa, ipak, jun gilamlar, oltin va kumush buyumlarning yasalishi an’anaga aylangan. Viloyatimizda ayollarni ish bilan band qilish, hunarmandchiligini yuksaltirish va shu orqali xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rnini mustahkamlash borasida bir talay ishlar qilinmoqda. Xususan, birgina Angor tumanida ming nafar xotin-qizni ish bilan band etgan “Hunarmandchilik markazi” faoliyati alohida o‘rin tutadi. Markaziy Osiyo ishbilarmon doira vakilalarining aynan vohamizda jamlangani bizni quvontirdi. Haqiqatda qo‘li gul hunarmandlar, tadbirkolikda yuqori natijalarga erishayotgan xotin-qizlar vohamizda ko‘p. Azaldan Surxon zaminida hunarmandchilik, qo‘l mehnati ila yasalgan buyumlar qadrlanib, yanada sayqal topib kelmoqda. Diqqatga sazovor joylarni tomosha qilib, hunarmandchilik buyumlarimizdan o‘zlaringiz bilan olib ketib, milliy hunarmandchiligimizdan bahramand bo‘lasizlar degan umiddaman” deya Forum ishiga omad tilab, tadbirni ochib berdi.

Forumni oʻtkazishdan maqsad – milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, ayollarning tadbirkorlikdagi ishtirokini ta’minlash, infratuzilma va resurslardan foydalanish imkoniyatlari, xotin-qizlarni ish bilan band qilishning mintaqaviy muammolari, axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari, axborot resurslaridan foydalanish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining yordami, Markaziy Osiyoda ayollar oʻrtasida hunarmandchilikni rivojlantirishni monitoring va tahlil qilish tizimini shakllantirishdan iboratdir.

 Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektron tijoratni rivojlantirishning dolzarb masalalarini keng muhokama qilish uchun zamonaviy platforma yaratish yoʻllari oʻrganildi. Shuningdek, tadbirkor ayollarning hunarmandchiligida raqamli yechimlarni ishlab chiqishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi. Hunarmand ayollarning elektron tijorat mahoratini oshirish va ayollar biznesida innovatsion onlayn savdo imkoniyatlariga bagʻishlangan bir qator taqdimotlar namoyish etildi.

Forum Markaziy Osiyo hunarmandlari oʻrtasida istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan aniq kelishuvlarga erishish uchun sharoit yaratuvchi oʻziga xos maydonga aylanadi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi hunarmand ayollar tarmogʻi uchun haqiqiy sharoitlar yaratilgan boʻlib, bu kelajakda sarmoya sifatida foydali tanishlar tarmogʻini rivojlantirishga yordam beradi.

Forum doirasida “Ayollar biznesida elektron tijorat: hunarmandchilikda raqamli iqtisodiyot yoʻlidagi qiyinchiliklar va imkoniyatlar”, “Elektron tijoratda ayollarning ishtiroki: rivojlanish tendensiyasi”, “Eksport va elektron tijoratga  yoʻnaltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro sifat standartlarini tadbiq etish”, “Markaziy Osiyo hunarmand ayollarini xalqaro elektron savdo maydonchalariga olib chiqish”,  “Hunarmand ayollarning daromad manbalari”, “Mintaqa tadbirkor ayollarining hunarmandchiligida raqamli yechimlarni ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash” mavzularida ishbilarmon doira vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

— Bugungi kunda hunarmandchilikka juda katta e’tibor berilayotganini sizning viloyatingiz misolida ko’rib, guvohi bo’lib turibman, — deydi Afg‘onistonning Faryob viloyatidan tashrif buyurgan Kargar Yag‘mura. – Men sizning viloyatingizda hunar o‘rgandim. O‘zimni jamiyatning faol a’zosi sifatida his qila boshladim. Shu yerda qolib, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni istayman. Chunki bu yerda ayollar ham erkaklar barobarida yelkama-yelka ishlab, mehnati ortidan qadr topmoqda. Ular ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Men Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida bir yil davomida hunarmandchilik bo‘yicha o‘quv kursini tamomlab, hozirda tikuvchilik qilyapman. Markaziy Osiyo forumi doirasida turli mamlakatlardan kelgan tadbirkorlar bilan suhbatga tutinib, ulardan ish, tajriba almashdik. Tadbirkorlikda hamkorlik, onlayn bozorning ahamiyati juda yuqori. Chunki, ayni damda globallashuv davrida onlayn savdoning ahamiyati dolzarb. Tadbirkor ko‘p. Hunarmandlarning ham safi kengayib bormoqda. Ularning mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqish uchun onlayn bozor kerak.  

Mazkur Forum davomida Termiz shahridagi “San’at saroyi”da tashkil etilgan hunarmandchilik ko‘rgazmasida hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi ham tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan ishbilarmon doira vakilalari ushbu ko‘rgazmadan katta taassurot olishdi, ular uchun vohamizning qo‘li gul hunarmandlari qo‘l mehnati ila tayyorlagan hunamandchilik buyumlari esdalik uchun ulashildi. Vohamiz hunarmandlari ishiga tassanno aytildi.

— Hunarmandchilik maskani hisoblanadigan vohamizda bugun xotin-qizlarning mehnati va qadr qimmati kun sayin yuksalib, imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, — deydi Boysun tumanidan tashrif buyurgan tadbirkor Nodira Boboxonova. — Omonxona qishlog‘ida 50 o‘rinli mehmonxona va umumiy ovqatlanish shaxobchalarini ochganman. Tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirib, tikuv sexi ochib, 35 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlaganman. Ushbu Markaziy Osiyo Forumi vohamizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Qolaversa, turli davlatlardan kelgan ishbilarmonlar bilan tajriba almashamiz, fikr almashib, onlayn savdo aloqalarini o‘rnatishdan umidvormiz. Mahalliy bozor bilan cheklanib qolmasdan, sekin-asta jahon bozoriga ushbu Forum yo‘l ochishiga bu yerda yig‘ilgan tadbirkorlar ham katta umid bog‘lashgan.

Mazkur Forum ikki kun davom etishi belgilangan bo‘lib, dasturdan “Hakim at Termiziy maqbarasi, I-III asr Budda ibodatxonalari”ga ziyoratga borib, tarixiy qadamjolarimizga sayohat ham o‘rin olgan.

Adolat MO‘MINOVA,

Islom MENGLIYEV

 (surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Raqiblarin ortda qoldirib…

Ayni kunlarda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda....

Yangi qo‘mita tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan...

Arab tili bo‘yicha imtiyoz bekor qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom...

66-maktabning sport zali xizmatga shay

Denov tumanidagi ushbu maktabning sport zali yangidan qurilib, foydalanishga...
KunTun
KunTun