Bibirokiya Hoshimiy afg‘on qizi. Surxon vohasidagi bu yilgi Navro‘z saylini tomosha qila turib, qalbi o‘zgacha hayajonda. Bir quvonsa, bir xafalik sezgandek xo‘rsinib qo‘yadi. Negaki, ikki yildirki, afg‘on diyorida Navro‘z bayrami nishonlanmayapti… qaniydi qardoshlari, oilasi va yaqinlari hozir yonida bo‘lsa-da saylga ishtirok etsa…
—Afg‘on diyorida ham Navro‘z bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlanadi, — deydi B.Hoshimiy. — Xalqimiz bu ayyomni intiqlik bilan kutadi. Navro‘z kuni Balx viloyatidagi Hazrat Alining Ravzayi sharif maqbarasida Afg‘onistonning barcha viloyatlaridan xalqimiz ahli yig‘ilib, bir bayroq ostida jam bo‘lishadi. Tinchlik, omonlik tilab, yaxshi niyat ila yangi yilni, yangi kunni kutib olamiz.
Ha, ikki qo‘shni yurtning urf-odatlari, an’analari o‘xshash. Taomlari-yu yumushlari ham egizakdek. Afg‘onistonda ham Navro‘zda sumalak pishirishadi, osh damlashadi. Hatto kurash tushib, ko‘pkarida uloq ayirishadi. Yosh-yalanglar varrak uchirib, xursandchilik qilishadi. Shu sababdan ham afg‘on yigit-qizlari voha yoshlari bilan birdamlikda Navro‘zni nishonlashayotir. Navro‘z saylida esa o‘zlarining o‘ziga xos hunarmandlik vositalari, taomlarini ham ko‘z-ko‘z qilishganki, bu bilan o‘zbek eliga ilinayotganlari misolida ezgu niyatlar, yaxshiliklar tilab, do‘stligini izhor etayotgandek.
Termiz tumani qo‘rg‘onida kattagina joyni egallagan maydonda Afg‘on fuqarolarining o‘qitish markazining ustoz-murabbiylarini, talabalarini uchratasiz. Qadam ranjida qilishingiz bilan yorug‘ yuz ila kutib olayotgan yoshlar afg‘on urf-odatlari haqida to‘lqinlanib so‘zlaydi. O‘zbekona lutf ila samimiy tilaklar bildirishadi. Afg‘on yoshlari bu yerda o‘qish bilan birga vaqtlarini mazmunli o‘tkazayotganini ko‘rgazmadan joy olgan qo‘l mehnati bo‘lmish nafis san’at asarlari misolida payqaysiz. Turli ramkalarga solingan san’at asarlari sizning ham e’tiboringizni tortgani aniq. Birida kapalak, birida sajda qilayotgan inson siymosi, nurli naqshlar tushirilgan suratlarning ipakda tikilganiga guvoh bo‘lasiz. Ushbu xalq amaliy san’atida xattotlik san’ati ham o‘rin olganini, tasvirdagi suratda kalimai shahodat, Qur’ondan duolar keltirilganini aytishayotganda ulardan birining xaridiga oshiqasiz.
Afg‘on yoshlari nafaqat bir mutaxassislik bo‘yicha tahsil olishmoqda, balki hunar o‘rganishayotgani kishini quvontiradi. Bu ishlari bilan tadbirkorlik qilib daromad ko‘rishayotgani, yurtlariga qaytganida ham davom ettirishlaridan talabalar xursandligini yashirishmaydi.
Afg‘on yoshlari Navro‘z sayli bahona nafaqat milliy va qadimiy bayramni nishonlashmoqda, balki o‘z iste’dod va mahoratlarini ham ko‘z-ko‘z etishayotir.
S.Allayeva,
N.Muhibulloyev
(surat)