Badiiy miniatyura tasviriy san’atning alohida turi sanaladi. Dastlab, bu turdagi dizayn qo‘lda yozilgan kitoblar, qimmatli qo‘lyozmalar va yilnomalarning ajralmas qismi hisoblangan. Ularni yaratish uchun rassomdan katta mahorat va professionallik talab etilgan, chizma qanchalik nozik va yorqin bo‘lsa, miniatyura shunchalik yuqori baholanib, muallifning yuksak kasbiy mahorati, dididan so‘zlaydi.
Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan miniatyura va xalq amaliy sanʼati yo‘nalishidagi yosh ijodkorlarning milliy o‘zligimizni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yorqin sanʼat asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari ijodiy tanlovida ham yosh iste’dodlarning o‘z yo‘nalishidagi mahoratlari sinovdan o‘tkazildi. Miniatura va xalq amaliy san’ati namunalari joy olgan ko‘rgazma tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Ijodiy ishlarni hakamlar hay’ati bir-bir ko‘zdan kechirib, munosib baholadilar.
Sherobod tumanidagi 38-umumtaʼlim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sabina Husanova surxoncha milliy liboslar yo‘nalishi bo‘yicha, maktabning “Xalq amaliy sanʼati” to‘garagi aʼzosi Sitora Ko‘charova gilamdo‘zlik yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Hilol