San’at inson qalbini yanada sayqallaydi, atrofga o‘zgacha nigoh bilan qarashga undaydi. San’atga oshno ko‘ngillardan esa yomonlik chiqmaydi. Rassomchilik ham xuddi shunday. Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida esa ana shunday go‘zal qalb sohib va sohibalari ta’lim va tarbiya olish bilan birga san’at sirlarini ham o‘rganishayotir. Bilimlar, saboqlar oqqa ko‘chganda esa shubhasizki, san’at asarlari dunyo kelmoqda.
Ijod maktabida tashkil etilgan vohaning yosh, umidli ijodkorlari tomonidan yaratilgan san’at asarlarlari galereyasida bo‘lib, ular ijodini kuzatsangiz, dunyodan, tabiat manzaralaridan olingan ajib lavhalardan estetik ruh olasiz, ajib ranglar qorishig‘i sizni o‘ziga maftun etadi. Ha, bu lavhalar yosh ijodkorlarning qalb ko‘zlari ila ko‘rganlari. Galereyada turli janrlardagi chizmalarga, suratlarga duch kelasiz, kuzatasiz. Qaysidir suratga muxlis bo‘lsangiz, xarid qilishingiz ham mumkin. Shu kunga qadar yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan ko‘plab asarlar turli tashkilot, idoralar hamda qiziquvchilar tomonidan sotib olingan.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida bo‘lib, ana shunday san’at durdonalari bilan tanishdi, nafis ijod vakillari bilan uchrashdi. Shuningdek, uchrashuv davomida ijodkorlarga viloyatimiz tashrif qog‘ozi bo‘lgan manzillar, turistik maskanlar aks etgan ijod namunalarini ko‘proq yaratish bo‘yicha tavsiyalar berib, bu nafaqat san’atga qiziquvchi fuqarolarimiz, balki vohaga keluvchi turistlarda ham katta qiziqish uyg‘otishi ta’kidladi.
Viloyat hokimi yosh ijodkorlar doimo qo‘llab-quvvatlanishini bildirib, yaratilgan san’at asarlarining 30 tasi viloyat hokimligi tomonidan sotib olinishini ma’lum qildi.
Hilol