Kattalar ibrati yoshlarga saboq

Date:

Xalqimiz yoshlar tarbiyasiga har doim ham jiddiy qaragan. Diniy va milliy qarashlar, dunyoviy bilimlar kattalar o‘giti, nasihati va tavsiyalari bilan yanada boyitilsa, tarbiyada to‘kislik, nafislik seziladi. Sharq davlatlari g‘arbdan ana shu jihati bilan ajralib turadi. Eng yaxshi ibrat namunasi sifatida e’tirof etiladi. Katta hayot tajribasiga ega, ko‘pni ko‘rgan pir-u badavlat onaxon va otaxonlarimizning har so‘zi ibrat. Ayni ularning suhbati yoshlarni o‘ziga qaratmay, e’tiborlarini tortmay qo‘ymaydi, albatta. Termiz davlat universitetida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi”da jam bo‘lgan yoshlar keksa avlod vakillarining har aytgan so‘ziga jon quloqlari bilan quloq tutdilar.

Erta tongdan Termiz davlat universiteti tarix fakulteti binosiga yosh-u keksa yig‘ilib, “Uch avlod uchrashuvi” bahona diydorlashishdi. Mehmonlar universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar bilan tanishib, shodlandilar. Ayniqsa, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyidagi sayohat unutilmas bo‘ldi. Muzeydagi eksponatlar o‘z davri haqida hikoya qilib turgan bo‘lsa, talaba-yoshlar bergan ma’lumot va ta’riflar, ajib hikoyalar yanada to‘liqroq taassurotlar olishga xizmat qildi.

Muzey sayohatidan keyingi manzil esa universitetning axborot texnologiyalari fakulteti edi. Oraliq masofada mehmonlarni toliqtirib qo‘ymaslik uchun universitetning jonkuyar jamoasi o‘ziga xos transport vositalari hozirlashganki, yosh-u keksa ushbu vositalarga taklif etilib, manzilga yetkazildi. O‘ziga xos sayohat davomida barcha toza havoda sayr qilish bilan birga otaxon universitet bilan tanishdilar. Bevosita o‘zlari o‘qigan talabalik davrlariga qaytib, o‘sha kunlarni yodga olganlar ham bo‘ldi.

Ha, talabalik oltin davr. Buni talaba-yoshlar unchalik ham yaxshi tushunishmas, ammo vaqt o‘tib, kun kelib tushunadilar. Hayot maktabining katta yo‘llarida hayotning bu bosqichi eng muhim ekanini, mustaqil qadam tashlashda muhim ahamiyat kasb etishini anglaydilar. Bugun universitet hovlisida yoshlar bilan yoshlikni xotirlab, yuz-ko‘zlarida tabassum ila odimlayotgan katta avlod vakillarini ayni shu hislar chulg‘ab olgandek.
Axborot texnologiyalari fakultetining yangi binosiga qadam qo‘yishimiz bilan chor atrofni milliy musiqa sadolari tutib ketdi. Sozanda o‘g‘il-qizlar bor iste’dod va mahoratlarini ishga solib, mehmonlarni qarshi oldilar.
Majlislar zali, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, o‘quv auditoriyalarida “Uch avlod uchrashuvi” boshlanib ketdi. Katta hayot tajribasiga ega, o‘z sohasida muvaffaqiyat va yutuqlarga erishgan, chehrasi anchayin taniqli bo‘lgan keksa avlod vakillari yoshlar uchun eng yaxshi ibrat bo‘la oladi. Ularning ertangi kunlariga bo‘lgan ishonchini oshirib, eng yaxshi motivatsiya bo‘lishi aniq. Shu sababdan ham samimiy kechgan suhbatlarda otaxon va onaxonlar so‘zga chiqib, o‘zlari misolida, bosib o‘tgan katta hayot yo‘llarida erishgan yutuqlari haqida to‘xtalish bilan birga, qiyinchiliklar, mashaqqatlar, sinovli damlar ham bo‘lganini aytishdi. Bularning barini sabr va bardosh, sabot ila yengishganini, mehnat va mashaqqatning mevasi naqadar totli bo‘lganini hayotiy voqealar misolida so‘zladilar. Albatta, bunday suhbatlar, kattalar ibrati, ularning hayot yo‘llari va boy tajribasi kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni insoniylik, mehr-oqibat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi aniq.

Muhimi uchrashuv qiziqarli va maroqli o‘tdi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, aziz mehmonlardan javob oldilar. Bir necha saoatlik diydorlashuv, qizg‘in kayfiyat uch avlod vakillarini-da bir-biriga yaqinlashtirib qo‘ydi. Mana shunday ajib diydorlashuv va suhbatlar Termiz shahridagi “Orzu” restoranida bir piyola choy ustida davom etdi.

S.Allayeva,
N.Muhibulloyev
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sirojiddin Sayyid DTPIda

Poytaxtdan O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tashrif buyurdi. Bu...

Morxo‘r bolasining hayoti asrab qolindi

“Surxon” davlat qo‘riqxonasida 194 turdagi hayvon, 807 turdagi o‘simlik...

Aholi xavfsizligi uchun…

Tabiiy ofatlarning sodir bo‘lishi, sel kelib Qozog‘iston, Samarqand-u Surxondaryoning...

Sustkashlikka yo‘l qo‘yilganmi?

Bugungi kunda “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish maqsadida viloyatda e’tiborga...
KunTun
KunTun