Temir yo‘l tizimi xalqning uzog‘ini yaqin qiladigan, manziliga yetishda xavfsiz va qulay bo‘lgan transport vositasidir. Kimdir ba’zi-ba’zida, kimlardir, kunda, kun ora poyezdga chiqishga majbur bo‘ladi. Birgina Sariosiyo-Termiz yo‘nalishli qatnovni oladigan bo‘lsak, o‘qish, ish tashvishi bilan vagonlar yo‘lovchilar bilan gavjum ekanini kuzatish mumkin. Albatta, talabga yarasha shart-sharoit va qulaylik bo‘lsa yaxshi, aks holda xalqning norozichiligiga sabab bo‘lishi turgan gap. Ammo, andishali va sabr-toqatli xalqimiz boriga qanoat qilib, manziliga yetayotganidan shukrda. Xolbuki, odam tashishga moslashmagan vagonlarga sharoit yaratish uchun tashkilotchilar anchagina ter to‘kishlari lozim.
Viloyat hokimining OAV vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvida ayni shu masala o‘rtaga tashlangan edi. Hokim tuman rahbarlarining shaxsan o‘zlari poyezdga chiqib, shart-sharoit bilan tanishishlari, keyin mavjud muammolarni bartaraf etish uchun amaliy harakatlarni boshlashlari kerakligini ta’kidlagandi. Xo‘sh, joylarda ahvol qanday, temir yo‘l vagonlaridagi noqulayliklar bartaraf etildimi? Ana shunday savollarga javob topish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov erta tongdan poyezdda Termizdan Sariosiyo stansiyasigacha bordi. Ahvolni ko‘zdan kechirish bahona temir yo‘l atrofida joylashgan mahallalardagi aholi yashash joylari, korxonalar va ekin maydonlari holati bilan ham tanishdi. Viloyat hokimiga sektor rahbarlari, tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlar va mutasaddi idoralar vakillari hamrohlik qildi.
Aytish kerakki, viloyatda 94 ta mahalla temir yo‘l yo‘nalishi atrofida joylashgan. O‘rganish jarayonida Termiz shahri, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari hududidan o‘tuvchi temir yo‘l yoqasidagi mahallalar qiyofasiga, ko‘chalar, korxona va tashkilotlar binolari holatiga eʼtibor qaratildi. Ayrim mahallalardagi manzaralar esa ayanchli. Chiqindilar to‘planib qolgan, ko‘cha bo‘ylarini bezab turishi lozim bo‘lgan daraxtlarning o‘zi e’tibor va qarovga muhtoj, shakl berilmagan, tanasi oqlanmagan. Tozalanmagan ariq va zovurlar ko‘rgan ko‘zga xunuk manzara bo‘lib taassurot uyg‘otadi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar esa talaygina.
Ulug‘bek Qosimov mutasaddilarga uyma-uy yurib, xonadonlar, ko‘chalar, mahallalarning ozodaligiga erishish, odamlarga uy-joyiga eʼtiborli bo‘lish, tomorqasidan samarali foydalanishni targ‘ib qilish, har bir tashkilot va muassasaning o‘z hududini toza saqlashda mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish topshirig‘ini berdi.
Mas’uliyat uyg‘onib, ko‘cha va ovullarda tozalik, ozodalik bo‘lar ekan, nafas olayotgan havomiz sof, ekalogiyamiz toza bo‘ladi.
S.Murodova