350 tonnadan ortiq qurilish mahsulotlari Taxiatoshga jo‘natildi

Date:

Taxiatoshning bugungi hayoti kechagisidan tubdan farq qiladi. So‘nggi bir necha yil ichida tumanda bo‘lgan o‘zgarish va yangilanishlar shukuhida surxondaryoliklarning xizmati katta ekanini taxiatoshliklar faxr va g‘urur, minnatdorchilik ila tilga oladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i ila Orolbo‘yi aholisining turmush tarzini, hayotini farovonlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishbilarmonlik, tadbirkorlik muhitini yaratish, qolaversa, aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumaniga Surxondaryo viloyati biriktirilganini yaxshi bilamiz. Ana shu topshiriqdan so‘ng, Surxondaryo delegatsiyasi Taxiatoshda o‘z ishini boshlagandi. Avvaliga tuman bilan tanishib, vaziyatni, aholi muammolarini o‘rgangan holda surxonliklarning sohalar va tarmoqlar bo‘yicha boy tajribasi amaliyotga tadbiq etilgan edi. Mahalliy mutasaddi va mutaxassislar bilan birgalikda tumanni 2022-2024-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, dastur doirasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Aytish kerakki jarayon hali-hamon davom etmoqda.
Bugungidek qish-qirovli, anomal sovuq kezayotgan bir paytda o‘zni emas, ko‘pning tashvishi va dardi ila yashayotgan surxondaryolik ishbilarmon tadbirkorlar o‘zlarining homiyligi asosida navbatdagi yordamni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumaniga jo‘natishni reja qilishdi. 7200 dona shifer, 750 kilogramm bo‘yoq, 75 kub yog‘och, 150 tonna sement bo‘lgan jami 350 tonnadan ortiq qurilish mahsulotlaridan iborat yuk 7 ta vagonga ortildi va manzilga kuzatildi.
— Surxondaryo viloyatidan ko‘rsatilayotgan ushbu amaliy yordam tadbirkorlar va homiylarimizning tashabbusi va hamjihatligining mevasi deyish mumkin, — deydi Abdumutal Arabov. — Anomal sovuqqa qaramay, bir necha kunki, sovuqni sovuq, kechani kecha demay qurilish mahsulotlarini yig‘ib, to‘plab, vagonlarga joyladik. Ko‘krak kerib aytishimiz mumkinki, biz hamisha ko‘makka tayyor xalqmiz.
Mana shunday amaliy yordam taxiatoshliklarning koriga yarasa, uy-joylarini butlashga xizmat qilsa, bir so‘z bilan aytganda insonlar mushkulini oson qilsa, surxon eli ham qilgan savobli ishlaridan quvonadi.

S.Normurodova,
N.Muhibulloyev
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AI–80 cheklanadi

Yil yakuniga qadar barcha kuch va resurslarni safarbar etib,...

Qadog‘ida tarkibi yozilishi shart

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va...

Velosipedda harakatlangan ragʻbatlantiriladi

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va...

Mahalla binosi qurilishi boshlandi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida aholiga qulay sharoit yaratish va...
KunTun
KunTun