Termiz shahridagi Oqova suvlarni tozalash inshootida yig‘ilgan oqova suvlar tozalanib, 3 ta biologik ko‘l orqali filtrdan o‘tkaziladi va tozalangan suv daryoga chiqarib yuboriladi. Inshootda 2022-yil mahalliy byudjetdan ajratilgan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan va hozirgi kunda sutkasiga 25 ming kub oqova suvlarni qayta tozalash quvvatiga ega. Ammo, shunga qaramay, inshootda suvlarni tozalash ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada hududda qo‘lansa hid tarqalib, yaqin atrofda yashovchi aholining haqli etirozlariga sabab bo‘layotir. Turgan gapki, bu inson salomatligiga ham zarar yetkazadi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oqova suvlarni tozalash inshootidagi holat bilan yaqindan tanishdi. Bugunning o‘zida mazkur holatni ishchi guruh tuzgan holda o‘rganib chiqish, oqova suvlarni tozalashda ishlatiladigan zarur moddalarning me’yorida qo‘shilishini nazorat qilish, qo‘lansa hid tarqalishining oldini olish bo‘yicha sanitariya va ekologiya sohasi mas’ullariga topshiriq berdi.
Shuningdek, viloyat rahbari 2023-yilda Germaniya taraqqiyot banki (KfW) tomonidan ajratilayotgan grant mablag‘lari evaziga oqova suv tarmoqlarini qayta rekonstruksiya qilish loyihasi bilan ham tanishdi. Mazkur loyiha bo‘yicha ta’mirlash ishlari amalga oshirilgach, inshoot hajmi 45 ming kub oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Viloyat rahbari loyiha bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi. Mas’ullarga loyiha yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
S.Davlatova