Partiyalarning faoliyatini faqat saylov jarayonlarida sezamiz, deputatlar ham saylovoldi jonlanib qolishadi kabi gap-so‘zlar tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Bu jamiyatdan uzilib qolgan, atrofida qanday voqea-hodisalar sodir bo‘layotganiga befarq kimsalarning mish-mishidan o‘zga narsa emas. Faoliyat yuritayotgan barcha partiyalarning-da faolligini, hali bu, hali bu tashabbuslar bilan chiqayotganini kuzatuvchi sifatida aytish mumkinki, bugungi shiddat ila rivojlanib borayotgan hayotimizda bir qarasangiz kitobxonlikni, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilishda, ko‘chat ekish-u ekologiya sofligini ta’minlashda turli loyiha va aksiyalar tashabbuskori ham ayni shu partiyalardir. Birgina Milliy tiklanish partiyasining so‘nggi bir yillik faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, partiya o‘z dasturida belgilangan yo‘nalishlardagi topshiriqlarni to‘la bajara oldi.
Kitobxonlik tadbirlari, kurash musobaqalari, Alla aytish bo‘yicha tanlovlarning tashkil etilgani fikrimizni yaqqol dalillaydi. Bundan tashqari partiya deputatlarining faolligi ham e’tirofga loyiq. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishda ham milliy qadriyatlarga tayangan holda ish olib borilgani, kayvoni onaxonlarning maslahatlariga tayangan holda murosaga erishilgani ham partiya va mahallalarning o‘zaro hamkorligi mevadir. O‘tgan yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ayrim maktablarda bepul ovqatlanish tizimi amaliyotga joriy etilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan barcha viloyatlardagi maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul issiq ovqat berilishi ko‘pchilikni quvontirishi bor gap. Mana shunday tashabbus bilan chiqqan partiya deputatlari yana ko‘plab muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqayotir.
Yutuqlar o‘zimizniki, ammo ularga mahliyo bo‘lib o‘tirish emas, balki yangi yilda yanada shijoat ila ishlashni, tashabbus ko‘rsatishni maqsad qilgan partiya jamoasining rejaga kiritgan loyihalari talaygina. Yil davomida esa bu rejalarning amaliyotga tadbiqini ko‘rib, kuzatib borishimiz mumkin. Termiz shahridagi Matbuot uyida O‘zMTDP partiyasi viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, xodimlari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kun tartibidan o‘rin olgan masalalar, xususan O‘zMTDP viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasi maxsus hisob-raqam xarajatlari smetasi hamda partiyaning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Tadbir so‘nggida, yakunlangan yilda faollik ko‘rsatgan deputatlar va partiya xodimlarining mehnati munosib e’tirof etilib, turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi. Faol partiya a’zolariga partiyaning ramzi tushirilgan nishonlar taqildi. Bir guruh OAV vakillari esa partiya a’zoligiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sayyora Normurodova