Teleekranlar orqali informatsion dasturlarni tomosha qilayotib, ko‘p hollarda ekranning pastki qismida yana bir boshlovchi imo-ishoralar orqali xabarni tushuntirayotgan bo‘ladi. Bunga e’tibor bermasmiz, ammo barcha tomoshabinlar ham xuddi biz kabi eshitish qobiliyatiga ega emasligi haqiqat. Auditoriya imkoniyatlarini hisobga olish yaxshi, har doim ham, barcha dasturlarda bu imkoniyatning yaratilmagani yomon.
Ko‘cha-ko‘yda eshitish va gapirish imkoniyatidan mosuvo insonlarning imo-ishora tilidagi suhbati e’tiborimizni tortadigan jihat. Ularni tushunmasligimiz aniq. Ho‘sh, ana shunday insonlarning yaqinlarichi, ularni qanday tushunishadi va muloqotga kirishisharkin? To‘g‘ri, ota-ona, oila a’zolar eshita olmaydigan bola bilan birgalikda imo-ishora tilini o‘rganishi mumkin. Ammo, boshqalarchi? Imo-ishora tili ham ommalashishi, bu tilda so‘zlashadiganlar ham jamiyatga qo‘shilishi kerak. Ana shu maqsadda “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–407-son, 20.10.2022-y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish belgilandi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl`- alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar – bepul, qolgan shaxslar – pullik asosda o‘qitiladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki “yuguruvchi satrlar” bilan namoyish etiladi.
2024/2025-o‘quv yilidan boshlab, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.
2023/2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi.
2023-yildan boshlab har yili sentyabr oyida “Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon” tanlovi o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari munosib rag‘batlantirib boriladi.
Manbalar asosida H.Baxtiyorova tayyorladi.