AHOLIGA GAZ YETKAZIB BERISHDAGI QULAYLIKLAR

Date:

“Denov-Xayrobod” aholiga maishiy gaz quyish stansiyasida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qilindi.

Keyingi yillarda viloyatimiz aholisi, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari va obyektlarini gaz bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha press-tur ishtirokchilariga “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari Azimjon Bozorov hamda filialning suyultirilgan gaz yetkazish bo‘yicha muhandislik inshootlaridan foydalanishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Soibjon Berdiyevlar atroflicha tushuncha berdilar.

Ta’kidlanganidek, viloyatimizda bugungi kunda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 462,3 mingdan ortiq bo‘lib, joriy yilning olti oyi davomida soha xodimlarining barakali mehnati tufayli aholi xonadonlariga 18 ming tonnadan ko‘proq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Yaqin-yaqingacha qishloqlarda maishiy gaz ballonlari maxsus punktdan tarqatilgan bo‘lsa, oxirgi yillarda tizim tashkilotlarida gaz tashuvchi maxsus avtomashinalar xarid qilinganligi tufayli maishiy gaz ballonlari har bir xonadonga yetkazilmoqda. Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha filial ishchi-xodimlari tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda yashovchi aholini o‘z vaqtida suyutirilgan gaz bilan ta’minlash ham namunali tashkil etilmoqda. Xususan, vohaning eng olis hududi hisoblangan Bobotog‘ hududida ham suyultirilgan gaz quyish shaxobchasi tashkil etilib, tog‘lik aholi o‘z vaqtida suyultirilgan gaz olishiga erishilyapti. Hukumatning mazkur yo‘nalishdagi tegishli topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash hamda ishlab chiqaruvchi korxonalardan iste’molchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. “Hududgaz ta’minot” AJ tomonidan ID – kartalar tarqatish va maishiy gaz ballonlariga maxsus yorliqlarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Suyultirilgan gazni iste’molchi tomonidan qabul qilish va to‘lovini amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni yaratish maqsadida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyatimiz iste’molchilari 449,6 mingta maxsus ID – kartalar bilan ta’minlandi. Bu esa yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz hajmining aniq hisobini olib borishga xizmat qilmoqda.

Press-tur ishtirokchilariga “Denov-Xayrobod” aholiga maishiy gaz quyish stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Ushbu stansiya orqali Denov shahri va tumani hamda Oltinsoy tumanida yashayotgan 462 ming nafar aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilyapti. Ushbu shahar, tumanlarda 92,5 mingta iste’molchi bo‘lib, ularga kuniga 60 tonna, bir oyda esa o‘rtacha 1286 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Shuningdek, “Denov-Xayrobod” aholiga maishiy gaz quyish stansiyasi tarkibida “Qumqo‘rg‘on-Oqjar” gaz to‘ldirish stansiyasi mavjud bo‘lib,  Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Bandixon tumanlaridagi iste’molchilar zarurat bo‘lganda oyiga 88 tonnadan ko‘proq suyultirilgan gaz tranzit holda ta’minlanadi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari maishiy gaz ballonlari bo‘shaganda idishda qoladigan og‘ir qoldiq gazni to‘kish hamda ballonlarni suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish jarayonlari bilan tanishtirildi. Bu joyda yaroqsiz holga kelgan ballonlarni sinovdan o‘tkazish shaxobchasi tashkil etilgan bo‘lib, iste’molchilar foydalanib kelayotgan gaz ballonlari har besh yilda sinovdan o‘tkaziladi va maxsus belgi qo‘yiladi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli “Denov-Xayrobod” aholiga maishiy gaz quyish stansiyasida gaz ballonlarini to‘ldirish ustunlari (kolonkalari) zamonaviylariga almashtirildi. Shu paytgacha maishiy ballonlar kichik tarozilarga qo‘yilardi va pistoletlar bilan gaz quyilardi. Zamonaviy ustunlar kompyuterlashtirilgan bo‘lib, har bitta maishiy ballonga belgilangan 20 kilogramm gazni quyadi va shu on faoliyatini to‘xtatadi. Bu esa gaz quyuvchi mutaxassislarning ishini osonlashtirish barobarida aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazilishiga xizmat qilyapti. Jamoada 22 nafar mutaxassis kadr jamlangan bo‘lib, Bahodir va Baxtiyor Karimov singari kompressorchilar, Jahongir Bobomurodov, Olim Halimov kabi maishiy gaz ballonlaridan og‘ir qoldiqni to‘kuvchi mutaxassislar, Abdumajid Najimov, Said Jo‘rayev singari maishiy gaz ballonlarini to‘ldiruvchilar o‘z vazifalarini sidqidildan ado etishyapti. Vagonlarda keltiriladigan suyultirilgan gazni bosim orqali sisternalarga joylashtirishda barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan holda amalga oshirilyapti. “Denov-Xayrobod” aholiga maishiy gaz quyish stansiyasida sig‘imi 50 metr kub yoki 25 tonnalik 11 ta sisterna mavjud bo‘lib, ularga vagonlardan keltirilayotgan suyultirilgan gazni joylashtirish, yoz oylarida sisternalarni doimo yaxlatib turish jarayonlari namunali yo‘lga qo‘yilgan.

Press-tur ishtirokchilari Denov tumanidagi “Buyuk kelajak” mahallasi hududida qurilgan va qurilayotgan 16-qavatli uylarni tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishtirildi. Shu mahalladagi 16 qavatli uyda yashovchi Xurshid Haqberdiyev xonadonida bo‘lgan press-tur ishtirokchilari ikki konturli gaz jihozi orqali gaz plitasini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash, oshxona, vanna uchun alohida suv isitib berish jarayonlari ibratli yo‘lga qo‘yilganiligini ko‘rishdi. 16 qavatli uylardagi har bir xonadonga o‘rnatilgan ikki konturli gaz jihozining afzalligi shundaki, qish oylarida quvurlarda gaz bosimi pasayganda ham xonadonlarni bir maromda gaz bilan ta’minlash imkonini beradi.

Usmonali Normatov

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TISU talabalari o‘qishni Turkiyada davom ettiradimi?

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin deyishganidek, til o‘rganishda ham...

Pilla mavsumiga start berildi

Joriy yil pilla hosili uchun birinchi mavsumga start berildi....

Ijodkor yoshlar bellashdi

Ijodkor, qo‘liga qalam tutib, nasr yoki nazmda ijod qilishni...

Mehmonlar yuksak saviyada kutib olinadi

Joriy yilning 1-7-may kunlari “Boysun bahori” xalqaro festivali bo‘lib...
KunTun
KunTun