Termiz davlat universiteti majlislar zalida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari hamda kotibiyat xodimlari aoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi. Unda Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridan vakillar ishtirok etdi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyat mudiri S. Abduraimov yig‘ilganlarga o‘quv seminarining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berib o‘tdi. O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Senati fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari raisi Odiljon Iminovning ma’ruzasida mamlakatimizda oxirgi 5 yil ichida amalga oshirilgan islohotlar hamda eng muhim o‘zgarishlar, O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Senatining joriy yil 28-29 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan yigirma beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar, qabul qilingan qarorlar hamda ma’qullangan qonunlarning mohiyati haqida batafsil gapirdi.
Termiz davlat universiteti Pedagogika instituti kafedra mudiri, dotsent Hakim Rasulovning Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvaridagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan taraqqiyot strategiyasiga doir maqsadlar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning vakolatlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatining huquqiy maqomi, uning huquqlari hamda majburiyatlari haqidagi ma’ruzasi tinglandi.
Shuningdek, o‘quv seminarida mahalliy byudjetni shakllantirish hamda uning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning vakolatlari, mahalliy byudjet mablag‘lari sarflanishida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, mahalliy soliqlarni belgilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya dasturlarini ko‘rib chiqishda mahalliy Kengashlarning vakolatlari, dasturlar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini amalga oshirish, yer uchastkalariga nisbatan xalq deputalari mahalliy Kengashlariga berilgan vakolatlar, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish, yer uchastkalarining narxlarini belgilash, fermer xo‘jaliklari bilan yer ijara shartnomalarini bekor qilish masalalarida mahalliy Kengashlaring vakolatlariga doir ma’ruzalar tinglandi va o‘quv seminari ishtirokchilari tomonidan muhokama qilindi.
Usmonali Normatov
Naimullo Muhibulloev (surat)