Gultepaliklar bir oyda qariyb bir milliard yutib oldi

Date:

Hisobli do‘st ayrilmas, degan gapda jon bor. Kimdandir biror so‘m so‘rasangiz, uni vaqti kelib, qaytarishingiz kerak bo‘ladi. Ustiga ustak, kimdandir olingan qarz kishiga barokatli kelavermaydi, aksincha, qarzni qaytarishim kerak, bugun yo ertaga egasi so‘rab qoladi deb xotirjamlikka putur yetadi.

Ammo davlatniki ham foydali, ham beminnat. Ayniqsa, uni tamomila o‘zingizniki qilib, biror tanlovda ishtirok etib, yutib olsangiz. Qolaversa, hech kim qaytar ham demaydi. Faqat olgan mablag‘ingizni amaliy ishingiz bilan to‘la-to‘kis joyiga qo‘yib qo‘ysangiz, muammo yo‘q.

“Open byudjet” loyihasi esa ushbu maqsad yo‘lida ayni muddao bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Ushbu loyiha gultepaliklarga ham omad eshiklarini ochdi. Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Gultepa” mahallasida istiqomat qilayotgan fuqarolarning farzandlarining ko‘pchiligi hududdagi 52-umumta’lim maktabiga qatnaydi. Yomg‘irli kunlarda loy-balchiq, issiq kunlari esa changga burkanadigan “ravon” yo‘llardan qatnayverish, ayniqsa, endigina maktabga borayotgan, sumkasini arang ko‘tarishga kuchi yetadigan bolalar uchun biroz qiyinchilik tug‘diradi. Ustiga ustak, maktabning yon-atrofi devor bilan o‘ralmagani uchun mahalliy qo‘y-qo‘zilar ba’zida tab tortmayin ta’lim maskaniga kirib ketaveradi. Istaymizmi, yo‘qmi, bu kabi holatlar ta’lim sifatiga ta’sir etmay qolmaydi. 

Yo‘lni asfaltlab, maktabni devor bilan o‘rab olish kerak, deya idorama-idora eshik qoqib yurgandan ko‘ra, mahalla ahli masalaga yechim izlab, joriy yilgi “Ochiq byudjet”da ushbu ikki masalani ko‘ndalang qilib loyiha joylashtirishdi.

Mahalla ahlining inoqligi, qolaversa, loyihalarning dolzarbligi ko‘pchilikning e’tiboriga tushib, kundan kun loyihani qo‘llab-quvvatlovchilar soni ko‘paydi. Qarabsizki, ikki loyiha ham muvaffaqiyatli yakun topib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

“Gultepa” mahallasi Navro‘z maktab ko‘chasini asfalt qilish uchun “Ochiq byudjet”dan 564 million so‘m mablag‘ yutib olingan bo‘lsa, maktab atrofini reshodka va beton devor bilan o‘rab olish uchun 350 million so‘m yutib olindi.

—“Ochiq byudjet” portali juda adolatli portal sifatida  tashkil qilindi, — deydi 52-maktab direktori Alimardon Qarshiyev. — Bu xalqning ehtiyojiga, harakatiga qarab taqsimlanadigan mablag‘. Xalq tomonidan ovoz yig‘ish orqali amalga oshirilishi esa tizimning naqadar shaffof va aniq ishlashini ko‘rsatib berdi. Avval boshidan bizga ishonmaganlar ham bo‘ldi. Loyihani joylashtirganingiz bilan yutib ola olasizmi, yo‘qmi deya. Biroq mazkur “Tashabbusli byudjet”ning afzal tomoni shundaki, unga joylashtirilgan loyihalar kompyuter orqali ovozlar hisoblanib boriladi va bunga inson omili aralasha olmaydi, o‘z o‘zidan tanish bilishchilik va korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi. Ikkita loyihamiz yuqori ovoz to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritgani bunga misol.

Quvonarlisi, birinchi loyihadan muvaffaqiyat qozongan qishloq ahli, ikkinchi loyihada yanada ildam harakat qilishdi. Bu esa natija berdi. Ovozlar soni bo‘yicha tumanda birinchi, viloyatda to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Navro‘z maktab ko‘chasini asfalt qilish loyihasi muvaffaqiyati ayni birdamlik va hamjihatli mevasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, bir oyda bir mahalla ahlining birdamligi, tashabbuskorligi, hamjihatligi hududga qariyb bir milliard so‘m olib keldi. Bu esa mahalla uchun juda katta yangilik bo‘ldi. Ming homiy topib, ish boshlansa ham bu kabi katta miqdordagi mablag‘ni jalb etish biroz mushkulot edi.

Bugun aholining taklif va tashabbuslari, g‘oya va takliflari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganidan, inson qadri tobora yuksalib, islohotlar ham fuqrolarning yurtdan, hayotidan rozi yashashiga yo‘l ochmoqda.

Ayni damda ushbu ta’lim maskanida 377 nafar o‘quvchi-yoshlar tahsil olishayotir. Esimda, ilk ta’lim dargohiga qadam qo‘yganim ushbu maskandan boshlangandi. Biz ham tengdoshlarim, ukalarim bilan o‘sha chang va loy ko‘chalardan oralab maktab tomon oshiqardik. U paytlarda bundayin qulayliklar qayerda deysiz…

Mana bugun zamon o‘zgardi. Xalq fikri va tashabbusini eshitadigan, tinglaydigan zamonlar keldi. 

Ham mahalla ahli, ham o‘quvchi-yoshlarning quvonchiga sabab bo‘lgan ushbu loyihalarni amalga oshirish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan bo‘lib, tez orada ikki loyiha ham amalda bo‘y ko‘rsatib, fuqarolar manfaati uchun, aholi qulayligiga xizmat qilsa ajab emas.

A.Safarova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Xavfsiz hudud” loyihasi amalda

Hududlarni jadal rivojlantirish, aholini xavfsiz va sifatli turar joylar...

O‘yinlar qayta boshlandi

Termizning "Surxon" futbol klubi uy stadioni hisoblangan "Surxon Arena"...

So‘nggi pushaymon…

Ba’zida inson qilar ishni qilib qo‘yib, oqibatini keyin o‘ylaydi....

Bo‘ron chopag‘onga yetadigani yo‘q

Uloq, ko‘pkari — O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy ommaviy, milliy...
KunTun
KunTun