Ilgari ochiq folklor festivali sifatida nishonlanib kelinayotgan “Boysun bahori” bu yil xalqaro folklor festivali sifatida keng miqyosda nishonlanadi. Shundanmi, festivalning dong‘i Fransiyadan o‘tib, Buyuk Britaniyagacha ham yetgan ekanki, ushbu davlatlardan festivalda ishtirok etish uchun mehmonlar guros-guros kela boshladi. Erta tongdan Termiz xalqaro aeroportida Fransiya va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish maqsadida, karnay-surnaylar zo‘r berildi.
Viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda OAV vakillari ishtirokida bugun 2 nafar Fransiya delegatsiya a’zolari, 5 nafar Buyuk Britaniya vakillari tantanali kutib olindi.
Ular orasida “Boysun bahori”da ishtirok etadigan san’atkorlar bilan bir qatorda hakamlar ham bor.
—Bu yil birinchi bor “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida ishtirok etish uchun Surxon zaminiga tashrif buyurdim, — deydi Buyuk Britaniyalik san’atkor Anna Tam. — Men aslida milliylik va qadim qadriyatlarni uyg‘un holda kuylashni xush ko‘raman. Shuning uchun ham ushbu festivalni eshitiboq, ishtirok etishga oshiqdim. Hali to‘liq tasavvurga ega bo‘lmasam-da tafti erta tongdan etni junjiktiradigan ushbu o‘lkaning samimiy va mehmondo‘st xalqi, milliy an’analari bilan yaqindan tanishib, o‘zim uchun vohangizni kashf etish ilinjidaman. Shu bilan bir qatorda ushbu festivalda o‘zimning ijodim bilan qatnashib, san’atimni dunyoga yoyishni maqsad qilganman. “Boysun bahori”da ko‘plab folklor guruhlar ishtirok etishi meni biroz cho‘chitib turibdi. Chunki ilk bor qatnashayotganim uchun hali tajribam unchalik ham ko‘p emas. Biroq bor mahoratimni ishga solib, festivalning yanada jo‘shqin o‘tishiga harakat qilaman. Diqqatga sazovor joylarni ko‘rib, o‘zim uchun “yangi dunyo” eshigini ochish niyatidaman.
Shuningdek, joriy yilning 7-8-may kunlari Boysunning Padang qishlog‘ida bo‘lib o‘tadigan festivalga xorijiy davlatlardan tashrif buyuradigan mehmonlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, 120 nafar xorijlik mehmon “Boysun bahori”da ishtirok etib, milliy madaniyatimiz, qadim qadriyatlarimiz tarannumidan bahramand bo‘lish barobarida, o‘zlarining folklor jamoalarining chiqishlari bilan ishtirok etishi kutilayapti.
Mehmonlar orasida 13 nafar tojikistonlik, 10 nafar qozog‘istonlik, 7 nafar qirg‘izistonlik hamda 31 nafar turli davlatlarning elchixonalari va vakolatxonalari vakillari, qolaversa, boshqa turli davlatlardan 42 nafar xalqaro mehmonlar tashrifi kutilayotir. 19 nafar turli davlatlarning “Boysun bahori”ga ishtiyoqmand vakillari ham festivalda tomoshabin sifatida ishtirok etadi. Birgina Rossiyaning “Surhan Gas Chemicals” jamoasidan 10 nafar ishtirokchi folklor festivalda qatnashadi.
Kanada, Hindiston, Buyuk Britaniyadan “Boysun bahori”da ishtirok etadigan jamoalar chiqishlarini baholab borish uchun hakamlar ham tashrif buyurishi kutilayapti.
Kutib olish marosimidan so‘ng, Fransiya va Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan mehmonlar ular uchun hozirlab qo‘yilgan mehmonxonalarga kuzatildi.
Bir narsa aniqki, bugun vohaga yaxshi niyat va ulkan taassurotlar bilan kelayotgan xorijlik mehmonlar, ertaga ortga mamnun holda qaytishi, bu yerdagi shart-sharoitlar, milliy urf-odatlar va mehmonnavozligimizni ko‘rib, tarixiy va ko‘ngilochar maskanlarimizdan ulkan taassurot olib, ertaga o‘zi bilan yana ko‘plab sayohatchilarni ergashtirib kela oladigan bo‘lib ketishi kerak. Bunday olib qarasak, bir mehmon, boshqa bir mehmonlarni vohaga yetaklovchi “zanjir” misoli. Bir bor kelib ketgan mehmon boshqa bir mehmonning sayohatga kelishiga sababchi bo‘lishi turgan gap. Shuning uchun ham tashrif buyurgan mehmon mamnun holda ortga qaytishi uchun bor imoniyatni safarbar qilish kerak.
Shuning uchun ham bu yilgi “Boysun bahori”ga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mehmonlarni munosib kutib olish, ular uchun vohaning tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish, mehmonxonalarga joylashtirish kabi tashkiliy masalalarda har doimgidek mutasaddilar bosh-qosh bo‘lib turishibdi.
Adolat MO‘MINOVA