Muzrabotlik saxovatpesha tadbirkor 6 ta ehtiyojmand oilaga uy qurib berdi

Date:

Yetim-yesirning, ko‘ngli kemtik va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning dardiga darmon bo‘lmoq, ularga ko‘maklashib, ko‘nglini ko‘tarmoq ikki dunyo saodatiga tengdir.

Turmush sharoiti og‘ir, imkoniyati cheklangan fuqarolarga o‘z hisobidan uy-joy qurib berish esa ulkan savobdir aslida. Har kim ham o‘zidan orttirganini o‘zgalarga ilinavermasligi ham rost. O‘zim bo‘lay, yanada ko‘proq daromad ko‘ray, deya molu dunyoga “irsi”ni qo‘yganlardan farqli o‘laroq, “ezgulik ming yilda ham esdan chiqmaydi, miskinning ko‘ngli shod, uyi obod bo‘lsa, shudir mening barakam” deya ish tutadiganlar ham oramizda ko‘p.

Yurtimizda xayr-ehson ulashib, savob umidida yaxshiliklar qilib yurgan insonlar talaygina. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida ularning safi yanada kengayadi.

Muzrabotlik saxovatpesha tadbirkor Bekzod Yo‘ldoshev tumandagi kam ta’minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 ta oilaga tumanning “Shaffof” mahallasi hududida barcha qulayliklarga ega zamonaviy uylar qurib berdi.

Tuman hokimligi tomonidan ushbu xonadonlar zarur mebellar bilan jihozlanib, uy egalariga quyon va tovuqlar yetkazib berildi.

Uylar kalitlarini o‘z egalariga topshirish maqsadida tashkil etilgan xayriya tadbirida tuman hokimi, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— To‘rtta opa-singillarmiz. Yetti yildan beri buvijonimning qaramog‘ida edik. Bugun bizga barcha sharoitlari bor yangi uylar kalitlarini topshirishdi. Shunday muqaddas oyda orzularimiz amalga oshib, uy-joyli bo‘ldik. Daromadga ega bo‘lishimiz uchun quyon va tovuqlar berishdi. Ilohim tadbirkorimizning ham ishlari yurishib, barcha niyatlariga erishsinlar. Yurtdoshlarimizning hayotlari farovon bo‘lsin. Inson qadri ulug‘langan yurtda yashayotganimdan behad mamnunman, — deydi quvonch ko‘z yoshlarini yashira olmay “Yo‘lchi” mahallasida yashovchi Lobar Maxmadaminova.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar duoga qo‘l ochib, eng avvalo, bugungi fayzli va barakali kunlar uchun shukrona aytdilar hamda yurtga tinchlik, elga xotirjamlik, saxovat ko‘rsatgan tadbirkorning ishlariga rivoj tilashdi.

A.Safarova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Raqiblarin ortda qoldirib…

Ayni kunlarda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda....

Yangi qo‘mita tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan...

Arab tili bo‘yicha imtiyoz bekor qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom...

66-maktabning sport zali xizmatga shay

Denov tumanidagi ushbu maktabning sport zali yangidan qurilib, foydalanishga...
KunTun
KunTun