Sanʼat odamlarning estetik talablarini qondirish bilan birga, oʻz taraqqiyotining turli davrlarida jamiyat aʼzolarini maʼlum ruhda tarbiyalash, ularni aqliy va hissiy jihatdan rivojlantirish vositasi sifatida qadrlanib kelgan, ularning turli maqsad, his-tuygʻu, manfaat, ideallarini ifoda etishga xizmat qilishi bilan ham san’atning jamiyatda tutgan o‘rni beqiyos.
Vohamizdan ko‘plab ijodkorlar, san’at ustalari yetishib chiqayotir. Rassomchilik deganda, avvalo, Ro‘zi Choriyev xayol zarvaraqlarimizdan bir-bir o‘tib, kishini ijod olamiga rangin va bahtiyor dunyosiga, ranglar olamiga yetaklaydi. Darhaqiqat, san’at qalb go‘zalligini uyg‘otuvchi, ko‘ngilga taskin beruvchi, his-tuyg‘ularni mavjlantiruvchi vosita hamdir.
Ammo san’atni har kim ham yarata olmaganidek, san’atni to‘laqonli tushunish, anglash, tom ma’nodagi mohiyatini dildan his qilishga-da har kim ham qodir emas. Shuning uchun ham san’at asarlarini ko‘proq yuragi uyg‘oq kishilargina qadrlaydi, sevib tomosha qiladi.
Viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasining “Art galereyasi”damiz. Vohada qalam tebratayotgan mo‘yqalam sohiblarining ijodiy ishlari namoyish etilishi va voha ahlining san’at asarlaridan baxramand bo‘lishi maqsad qilib qad rostlagan mazkur galereyada har doim ham odam gavjum bo‘lavermaydi. Ammo shu onda galereyada san’at ixlosmandlari jam bo‘lishgan. Chunki ijodkorlar ham har kun yangi asar tugallab, har doim ko‘rgazmasini o‘tkazavermaydi. Buning uchun ham vaqt va ijodiy ishlarni pishitish, yanada sayqallash kerak bo‘ladi.
“Tabiatda aks etgan ranglar” ko‘rgazmasida Ro‘zi Choriyev nomidagi viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati mutaxassislik fani o‘qituvchisi, mahoratli rassom Umar To‘rayev va shogirdlari tomonidan ishlangan ijodiy ishlar namoyishga qo‘yilgan. Qay tomonga qaramang, o’ziga xos maftunkor ajib bir asarga duch kelasiz, bir asarni tushunish, anglash va undan zavq olish uchun soatlab unga termulgingiz keladi, beixtiyor xayolan mo‘yqalam ustasi bilan suhbatga tutinasiz.
Mazkur ko‘rgazmaga rassomning 30 dan ortiq ijodiy ishlari qo‘yilgan bo‘lib, shogirdlari tomonidan ishlangan 100 dan ortiq ijodiy ishlari yig‘ilganlar e’tiboriga havola qilinmoqda.
Samimiy va kamsuqum, aytar so‘zi ijod mahsulida aks etadigan musavvir Umar To‘rayevning o‘ziga xos ijod yo‘li, o‘z dunyosi bor. Osuda tun qo‘ynida ijodga kirishib, tongni yangi bir ijod mahsuli bilan qarshi olishga odatlangan rassomning ijodiy ishlari vohamizning har chekkasida mavjud. O‘zini tanimasa ham, ijodini sevadigan, asarlarini uyida yoinki ishxonasida avaylab-ardoqlaydiganlar bisyor.
Ko‘rgazmada qator ijodkorlar, o‘quvchi-yoshlar jam bo‘lishdi. Ko‘rgazmani poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli rassom Erkin Aralov ochib berdi. Shuningdek, viloyat Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbariyati ham ko‘rgazmada ishtirok etib, ijodkorga va uning shogirdlari mehnatiga yuksak baho berib, kelgusi faoliyatida omadlar tiladi.
Mazkur ko‘rgazma bir hafta davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ijod bo‘stonidan suv ichib, rango-rang dunyodan ulgi olinib ishlangan, ijodkorning qalb-qo‘ridan yaralgan, mehri jo bo‘lgan ijodiy ishlar o‘z tomoshabinlarini “Art galereya”ga chorlab qoladi.
Adolat MO‘MINOVA