Qizg‘in bahslarda…

Date:

Olov — tilsiz yov. U hech kimga va hech narsaga rahm qilmaydi. Kuydirib kul qiladi. Unga faqat o‘t o‘chiruvchi bas keladi. U faqat o‘t o‘chirmaydi, o‘z jonini unutib, jonlari xavf ostida qolganlarni-da qutqaradi. O‘t o‘chiruvchi deganda maxsus libos va niqob ostida mard va jasur o‘g‘lon borligini tasavvur qilamiz. Ammo, o‘zbekning yuragida o‘ti bor shunday Barchinlari borki, ular ham yigitlardan qolishmaydi. Ular ham ana shunday jasoratga qodir. Buni Termiz shahrida tashkil etilgan “Yong‘in-qutqaruv sporti” bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchiligi musobaqasida ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasining yuqori qavatiga ko‘tarilgan qizlar misolida ham ko‘rish mumkin. Qizlarning mahorati, epchilligi nozik hilqat vakilasi uchun bu ishlar pesh emasligini isbotlab bergandek bo‘ldi.

Jizzax viloyatining “Ziyokor” jamoasida 5 nafar ana shunday sportchi, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha champion qizlar ishtirok etdi. Ular bir oy avval tayyorgarlikni boshlagan ekan. O‘zlaridagi ishonch, so‘zlaridagi shashtdan sezish mumkinki, tayyorgarlik puxta. Har bir mashg‘ulotda uni bajarish texnikasini bilish, epchillik va aniq harakat muvaffaqiyatga boshlaydi. Aks holda tasavvur qiling, narvon ko‘tarib, yuqori qavatga ko‘tarilayotgan qutqaruvchi juda tez harakatlanayotib, oyog‘i yoki qo‘li toyib ketsa bormi oxirini o‘ylamay qo‘ya qolaylik. Birgina qaltis harakat qutqaruvchiga-da yordam kerakligini ko‘rsatadi. Shu sababdan ham bu sohada har on mas’uliyatni his etib, hushyor bo‘lish shart.

—Birinchi marta ishg‘ol qilish narvonida yuqoriga ko‘tarilishimiz kerak bo‘lganda, avvalo jarayonni sinchkovlik bilan kuzatdim, — deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti jismoniy madaniyat fakulteti talabasi, jang san’ati bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni Madina Mannonova. — Sportda chiniqqan odam qiyin normativlarni ham uddalay oladi. Faqat tezlik uchun mashq qiladi, takrorlaydi.

Madinaning sherigi Durdona Ortiqboyeva esa bu mashg‘ulotlarga faqat tanlov uchun, g‘alabaga erishish uchun jiddiy qaramadi. U bu mashg‘ulotlar negizida insonlar hayotini qutqarishdek ezgu ish qilish imkoni borligidan o‘zida kuch topdi. Har bir urinishida yong‘in ostida qolib ketgan bir insonni qutqarayapman deb shoshdi. Yugurdi, tirashdi. Epladi. U shu paytgacha kim bo‘lsam ekan, sport murabbiyimi degan ikkilanishlarda edi. Bir oy avval qat’iy qarorga keldi. U o‘t o‘chiruvchi bo‘ladi. Ayollar ham jasorat qilishga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yadi.

—Felimda sharttakilik bor, — deydi Voleybol bo‘yichas O‘zbekiston chempioni D.Ortiqboyeva. — Xuddi o‘g‘il bolalardek tutaman o‘zimni. Balki shuning uchun ham sport yo‘nalishida o‘qiyotgandirman. Menimcha tanlaydigan kasbim ham felimga bog‘liq bo‘ladi deb o‘ylardim. Ichki sezgilarim aldamagan ekan. O‘qishni tugatsam, o‘t o‘chiruvchi bo‘laman. Gap inson qanday martabani egallashida emas, o‘sha martaba, kasb orqali jamiyatga, Vataniga qanday naf keltirayotganida deb bilaman.

Musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 19 ta erkaklar, 15 ta ayollar terma jamoasidan 200 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. Jamoalar 100 metrli yong‘in o‘chirish estafetasi, 100 metrga to‘siqlar osha yugurish va yong‘in o‘chirish avtomobili orqali jangovar yoyilish shartlari bo‘yicha kuch sinashdilar.

Har bir shart nafaqat unda ishtirok etganlar uchun balki tomoshabin uchun ham qiziq va maroqli bo‘ldi. Mashg‘ulotlar shunchaki o‘ylab topilmagan. Har bir shartning o‘z yuki, qiyinchiligi bor. Raqiblarning harakatlari bir necha soniya bilan farqlanishini hisobga olganda tomoshabin g‘olibni topa olmasligi aniq. Biz ham yuqoriga ko‘tarilayotgan qutqaruvchilarga qo‘shilib hayajonga to‘ldik, hayqirdik. Oxirda esa qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatladik.

Yong‘in o‘chirish estafetasi ham haqiqiy yong‘in sodir bo‘layotgandek kishini sarosimaga soldi. Puxta tayyorlangan o‘t o‘chiruvchilar bu shartning-da uddasidan chiqishdi. To‘siqlar osha yugurish-u yong‘in o‘chirish avtomobili orqali jangovar yoyilish shartlari ham ana shunday qaltis vaziyatlarga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchiligi musobaqasi 2 kun davom etdi va g‘oliblar Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasida tantanali tarzda taqdirlandi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“UY”INI TOPOLMAYOTGAN GAPLARyoxud ijtimoiy tarmoqlar tarbiyasidagi oilalar

Bugungi kunda oilalardagi notinchlik, ajrimlar sonining ko‘payishi nafaqat individual...

EGASIDA QOLGAN SOVG‘A

YAPONIYANING POYTAXTDAN UNCHA UZOQ BO‘LMAGAN BIR QISHLOG‘IDA KEKSA SAMURAY...

Kichik mehmonxonalar qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi

Hukumat qarori bilan tuman va shaharlarda kichik mehmonxonalar qurish...

Mamontlar qaytadimi?

AQShda 2028-yilda mamontlarni qayta dunyoga keltirishmoqchi. Mamontchaning tug‘ilishi uchun...
KunTun
KunTun