“Shaldiroq”da quyon boqilayapdi

Date:

Parhezbop quyon va parranda go‘shtining biologik qiymati, yumshoqligi, yog‘ va xolesterin moddasi kamligi hisobga olinib, tibbiyotda allergiya, gipertoniya, oshqozon ichak, me’da, o‘t-pushak va jigar kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Issiqni saqlash xususiyatiga ko‘ra qo‘y junidan 10 barobar afzal bo‘lgan quyon momig‘idan tayyorlangan ashyolar esa nevrologiya, radikulit hastaliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun tavsiya etiladi. Shu maqsadda viloyatda ham ushbu tarmoqlarni rivojlantirishga keng e’tibor qaratilgan. Ayni quyonchilik ortidan o‘zini band qilib, daromad ko‘rayotganlar talaygina. Sho‘rchi tumani “Shaldiroq” mahallasida istiqomad qiluvchi Jasur Saidov ishsizligi sababli, hokim yordamchisi bilan maslahatlashib, quyonchilikka qo‘l urdi. Tijorat bankidan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, 300 dona naslli quyon va vitaminlarga boy yemishlar sotib oldi. Uyining bir chetidan quyonxona yasab, quyonlarini parvarish qilmoqda. Daromad esa yomon emas.
— Quyon boqish qiyin ish emas, — deydi Jasur. — Yemish va suvini o‘z vaqtida berasiz. Tozalikka rioya qilasiz. Qarabsizki, o‘z uyingizda o‘zingizni ish bilan ta’minlab turibsiz. Quyon tez ko‘payishi va tez fursatda katta bo‘lishini hisobga olsak, serdaromad ish ekan. Uyimda katta bir xazinam bordek, mas’uliyat va qiziqish ila ishlayapman.
Jasur Saidov quyonlari vazn to‘plagach, nima qilaman deb ikkilanib o‘tirmasdan, ovqatlanish shoxobchalari bilan bir-bir borib suhbatlashdi. Termiz shahrida ishi bitib, oshxonalardan biri bilan shartnoma qilishga erishdi. Qarabsizki, ushbu oshxonaga quyon go‘shtlarini yetkazib berib, o‘zi va o‘zgalarning-da hojatini chiqaryapti.
Jasurning rejalari katta. Ishini kengaytirib, ko‘plab oshxona va ichki bozorlarni quyon go‘shti bilan ta’minlamoqchi. Qolaversa, quyon terisidan turli xil ashyolar ishlab chiqaradigan korxona va tashkilotlar bilan shartnoma qilsa bormi, quyon terisi-yu momig‘i ham foyda keltira boshlaydi.

H.Baxtiyorova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

57 yillik orzu ro‘yobga chiqdi

Muzrabot tumani markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan "Qorakamar" qishlog‘i...

Maktab yangi o‘quv yiliga shay

Muzrabot tumanining Chegarachi mahallasidagi 29-sonli umumta’lim maktabida yangi o‘quv...

Yoshlar sog‘lom hayot sari chorlanmoqda

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Yoshlar – giyohvandlikka qarshimiz”...

Surxondaryoda iqtisodiy taraqqiyot jadallashadi

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi 16...
KunTun
KunTun