Sariosiyo tumani baliqchilikni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar turini kengaytirish va sohaning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida o‘z salohiyatiga ega. Bu imkoniyatlarni namoyish etish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda baliq mahsulotlari iste’molini targ‘ib qilish maqsadida Yangihayot mahallasidagi “Shaxtyor” sport o‘yingohi hududida “To‘palang Fish” baliqchilik festivali tashkil etildi.

Festivalda baliqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, mahalliy xo‘jaliklarda yetishtirilgan turli xil baliqlar hamda ulardan tayyorlangan milliy va zamonaviy taomlarni namoyish etdilar. Mehmonlar baliq taomlarini tatib ko‘rish, mahsulotlar yarmarkasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, tajribali oshpazlar ishtirokida mahorat darslari va ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etildi.
Festival bilan Sariosiyo tumani hokimi Odiljon Yaqubov, sektor rahbarlari va mas’ul tashkilotlar vakillari ham tanishdi. Ular pavilyonlarda namoyish etilgan baliq mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, hunarmandchilik namunalari va madaniy dasturlarni ko‘zdan kechirdilar. Tuman hokimi soha vakillari bilan muloqotda baliqchilikni rivojlantirish, mahsulot sifatini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtaldi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirokchilarning baliq taomlari ta’mi, tayyorlash mahorati va taqdimoti hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. G‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom, esdalik sovg‘alari va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.
Festival taniqli san’atkorlar va havaskor ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Bunday tadbirlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, baliqchilik tarmog‘iga yangi tashabbuslarni jalb etish hamda hududning iqtisodiy va turizm salohiyatini namoyon etish uchun imkoniyat yaratadi.

