Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning ehtiyojlarini to‘g‘ri baholash va zarur yordamni manzilli tashkil etish bu boradagi ishlarning muhim shartidir. Bunda ijtimoiy himoya tizimi mutaxassislarining bilim va amaliy ko‘nikmalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PF–146-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 6-oktyabrdagi 539-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 17–18-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbir Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi hamda Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi hamkorligida o‘tkazildi. Unda hududiy komissiya va ishchi guruh vakillari, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari, sog‘liqni saqlash, bandlik va yoshlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlarda odam savdosidan jabrlanganlarni dastlabki identifikatsiya qilish, ehtiyojlarini baholash, holatni boshqarish, individual yondashuv, xavfsiz muloqot va idoralararo hamkorlik masalalari nazariy hamda amaliy mashqlar asosida o‘rganildi.
Seminar-trening hududiy mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, eng muhimi, odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarga o‘z vaqtida va samarali ijtimoiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

