O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya va protezlash markazlariga yo‘llashning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda fuqarolar nogironlik muddati va xizmat turiga qarab yiliga bir necha marta bepul reabilitatsiyadan o‘tishi mumkin.
Yangi nizomga muvofiq, nogironlik muayyan muddatga belgilangan shaxslar ambulator sharoitda yiliga uch marta, statsionar sharoitda esa har olti oyda bir marta reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Nogironlik muddatsiz belgilangan fuqarolar uchun bu ko‘rsatkich ambulator sharoitda yiliga ikki marta, statsionarda bir marta etib belgilangan.
Yo‘llanma olish uchun fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokor orqali murojaat qilishi mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqish, yo‘llanma berish va reabilitatsiya xizmatlari bepul amalga oshiriladi.
Yo‘llash jarayoni elektron navbat asosida tashkil etiladi. Navbat markazlarning qabul quvvati va bo‘sh o‘rinlaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Reabilitatsiya xizmatlarining davomiyligi va hajmi esa fuqaroning tibbiy hamda jismoniy ehtiyojlariga qarab belgilanadi.
Qayd etish joizki, yangi tartib shartnoma asosida ko‘rsatiladigan pullik reabilitatsiya xizmatlariga tatbiq etilmaydi. Nizom 2026-yil 14-noyabr kuni rasman e’lon qilingan va shu sanadan kuchga kirgan.

