Isitish mavsumida elektr va gaz jihozlaridan foydalanish bilan bog‘liq xavflar ortadi. Bunday sharoitda yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish, muhandislik tarmoqlarining sozligini tekshirish va ehtimoliy nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan biriga qarashli harbiy shaharchada yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida mas’ul xodimlar tomonidan xonadonlardagi elektr hisoblagichlar, elektr tarmoqlari va avtomatik o‘chirgichlarning texnik holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, fuqarolarga elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish, tarmoqlarga ortiqcha yuklama bermaslik, nosoz simlar, rozetka va kalitlardan foydalanmaslik yuzasidan tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, qo‘lbola yoki sertifikatlanmagan isitish moslamalaridan foydalanmaslik, ularni qarovsiz qoldirmaslik, gaz jihozlarining sozligini muntazam tekshirib borish zarurligi tushuntirildi. Nosozlik aniqlangan taqdirda mutaxassislarga murojaat qilish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Profilaktik tadbirlar davomida harbiy shaharchada istiqomat qiluvchi fuqarolarga yong‘in xavfining oldini olish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Zero, yong‘in xavfsizligi qoidalariga kundalik hayotda amal qilish nafaqat mol-mulkni, balki inson hayotini asrashning ham muhim shartidir.
Islomjon Muxamadaliyev,
harbiy xizmatchi

