“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi boshlandi. Bu yilgi mavsumda nafaqat daraxt ekish, balki yangi yashil hududlar barpo etish va ko‘chat yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mavsum ishlarini samarali tashkil etish maqsadida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlardagi mas’ullar bilan videokonferensaloqa shaklida muloqot o‘tkazdi. Unda kuzgi ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish, voha iqlimiga mos daraxt turlarini tanlash, ko‘chatlarni sifatli ekish, o‘z vaqtida sug‘orish va parvarishlash, shuningdek, mas’ullarni aniq biriktirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Joriy kuzgi mavsumda viloyat bo‘yicha jami 11 million 187 ming tup daraxt va buta ko‘chatini ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, 723 ta mahallada ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 30 ta mikroo‘rmon, 30 ta soyali sayr ko‘chasi hamda 30 ta jamoatchilik bog‘i barpo etiladi.
Videokonferensaloqa yakunida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanidagi “Ilg‘or” mahallasi hududida 161 gektar maydonda yangi “Yashil bog‘” tashkil etish ishlarini boshlab berdi. Mazkur hududga viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan 11 ming 648 tup manzarali daraxt ko‘chati ekiladi. Ayni paytda maydon ko‘chat ekishga tayyor holatga keltirilgan.
Shu bilan birga, viloyatda ko‘chat yetishtirish bazasini kengaytirish ishlari ham olib borilmoqda. Xususan, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 8 gektar maydonda ko‘chatchilik plantatsiyasi tashkil etilmoqda. Bu yerda ko‘chatlarni yetishtirish va parvarishlash uchun zamonaviy issiqxona ham quriladi.
Belgilangan ishlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi viloyatda yashil hududlarni kengaytirish, ekilgan ko‘chatlarning tutib ketishi hamda ularni uzoq muddat parvarishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

