Har qanday millatning buyukligi uning o‘tmishida qoldirgan izlari bilangina emas, balki kelajakni qanday intellektual salohiyat, ma’naviy qudrat va bunyodkorlik tafakkuri bilan barpo etayotgani bilan ham belgilanadi. Tarixdan ma’lumki, jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan xalqlar, avvalo, ilmni qadrlagan, ma’rifatni yuksak ijtimoiy qadriyat darajasiga ko‘targan, ziyolilarini esa milliy taraqqiyotning yetakchi kuchiga aylantira olgan xalqlardir.
Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatida ham ana shu tarixiy haqiqat mujassam. Mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari, jamiyat hayotida ilm-fan va ma’rifatning o‘rnini mustahkamlash, milliy o‘zlikni asrab-avaylash hamda zamonaviy bilimlarga ega avlodni tarbiyalash vazifalari Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ana shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida 2026-yil noyabr oyida O‘zbekiston tarixida ilk bor barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston ziyolilari – milliy yuksalish tayanchi” shiori ostida O‘zbekiston ziyolilari kengashining hududiy yig‘ilishlari o‘tkazilgani mamlakatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
13–14-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan mazkur muloqotlar ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari, jamoatchilik vakillari hamda tashabbuskor yoshlarni yagona maqsad atrofida birlashtirdi. Ularning asosiy vazifasi ziyolilarning boy bilim va tajribasini mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirish, hududlardagi dolzarb masalalarni keng muhokama qilish, mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan amaliy taklif va tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Bu tadbir jamiyatning intellektual kuchlarini safarbar etish, ziyolilarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, milliy taraqqiyotning strategik vazifalarini xalqning ma’naviy va ilmiy salohiyati bilan uyg‘unlashtirishdek katta maqsadni ko‘zlaydi.
O‘zbekiston zamini insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, ilm-fan va ma’rifatning yuksak cho‘qqilarini zabt etgan buyuk allomalar yurtidir. Xalqimizning tarixiy xotirasida alohida o‘rin tutuvchi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari bugungi milliy yuksalish g‘oyasining mustahkam ma’naviy, ilmiy va madaniy poydevorini tashkil etadi.
Tarixga nazar tashlasak, IX–XII asrlarda Movarounnahr va Xorazm hududlarida ilm-fan, falsafa, matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya, hadisshunoslik va islom huquqi misli ko‘rilmagan darajada rivojlanganini ko‘ramiz. Bu davr jahon sivilizatsiyasi tarixida Birinchi Sharq Uyg‘onish davri sifatida e’tirof etiladi.
Muhammad al-Xorazmiyning algebra va algoritm tushunchalarining shakllanishiga asos bo‘lgan ilmiy merosi bugungi raqamli texnologiyalar, dasturlash va sun’iy intellekt taraqqiyotining ham tarixiy ildizlaridan biridir. Abu Rayhon Beruniyning tabiat, koinot, geografiya, mineralogiya va xalqlar madaniyatiga oid tadqiqotlari ilmiy tafakkurning naqadar keng imkoniyatlarga ega ekanini namoyon etdi. Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid asarlari esa asrlar davomida Sharq va G‘arb ilm ahli uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarimizning ma’naviy merosi insonparvarlik, axloqiy poklik, ilmga ehtirom va komil inson tarbiyasiga oid yuksak qadriyatlarni shakllantirdi. Ahmad Farg‘oniyning astronomiyaga oid kashfiyotlari, Mahmud Zamaxshariyning tilshunoslik va tafsir ilmidaги xizmatlari esa ushbu zaminda shakllangan ilmiy muhitning nechog‘lik serqirra bo‘lganini ko‘rsatadi.
Birinchi Renessansning buyukligi faqat allomalar yaratgan asarlar bilan cheklanmaydi. Bu davrda Buxoro, Samarqand, Urganch kabi shaharlar ilm-ma’rifat markazlariga aylandi. Kutubxonalar, madrasalar, ilmiy majlislar, me’moriy inshootlar va hunarmandchilik maktablari ma’naviy hamda moddiy madaniyatning o‘zaro uyg‘un rivojlanishiga xizmat qildi. Ayniqsa, Xorazm Ma’mun akademiyasida turli ilm sohalari vakillarining birlashishi ilmiy hamkorlikning tarixiy namunasi sifatida bugun ham katta ahamiyatga ega.
XIV–XV asrlarda yuzaga kelgan Ikkinchi Renessans esa xalqimizning ilm-fan, davlatchilik, me’morchilik, adabiyot va san’at sohalaridagi salohiyatini yana bir bor butun dunyoga namoyon etdi.
Amir Temur davrida Samarqandning jahon miqyosidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlardan biriga aylanishi, temuriylar davrida ilm-fan va san’atning davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanishi ushbu yuksalishning muhim omillaridan bo‘ldi. Ulug‘bekning astronomiya va matematika sohasidagi tadqiqotlari, Samarqand rasadxonasida olib borilgan kuzatuvlar, “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarining yaratilishi jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Alisher Navoiyning adabiyot va ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Abdurahmon Jomiyning ijodiy merosi, Kamoliddin Behzodning tasviriy san’atdagi maktabi ushbu davrning nafaqat ilmiy, balki badiiy va estetik tafakkur jihatidan ham yuksak bosqich bo‘lganini tasdiqlaydi.
Samarqanddagi Registon majmuasi, Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda ansambli, Mirzo Ulug‘bek madrasasi va boshqa tarixiy shaharlardagi me’moriy obidalar bugungacha yetib kelgan moddiy madaniy merosimizning yorqin namunalaridir. Ular oddiy tarixiy yodgorliklar emas, balki xalqimizning muhandislik tafakkuri, estetik didi, bunyodkorlik salohiyati va yuksak sivilizatsion qarashlarining toshga muhrlangan ifodasidir.
Demak, Birinchi va Ikkinchi Renessans bizga shunchaki faxrlanish uchun tarixiy nomlar va obidalarni qoldirmagan. Ular ilmga intilish, izlanish, yangilik yaratish, ma’rifatni qadrlash va bunyodkorlikka asoslangan taraqqiyot madaniyatini meros qilib qoldirgan. Bugungi Uchinchi Renessansning eng muhim tayanchlaridan biri ham aynan shu tarixiy vorislikdir.
Bugungi global taraqqiyot jarayonlarida Renessans tushunchasi faqat o‘tmishdagi buyuk kashfiyotlarni eslash yoki tarixiy merosni ulug‘lash bilan cheklanmaydi. U, eng avvalo, yangi ilmiy g‘oyalar, innovatsion yechimlar, zamonaviy texnologiyalar, yuksak ma’naviyat va ijodiy tafakkur asosida jamiyat hayotini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni anglatadi.
Agar buyuk allomalarimiz o‘z davrida matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa va boshqa fanlar rivojiga asos solgan bo‘lsalar, bugungi avlodning vazifasi ana shu ilmiy an’analarni zamonaviy tadqiqotlar, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya, robototexnika, nanotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda davom ettirishdan iborat.
Bugun ilm-fanning rivoji mamlakatlarning iqtisodiy qudrati, texnologik mustaqilligi va xalqaro raqobatbardoshligini belgilab bermoqda. Sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar tahlili, raqamli iqtisodiyot, genetika, kosmik tadqiqotlar va yashil energetika insoniyat taraqqiyotining yangi imkoniyatlarini ochmoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonning tarixiy ilmiy maktablari tajribasini zamonaviy bilimlar bilan boyitish, milliy ilmiy salohiyatni xalqaro miqyosdagi tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish strategik ahamiyat kasb etadi.
Bunda ta’lim tizimining o‘rni beqiyos. Chunki buyuk allomalarni yetishtirgan ilmiy muhitni qayta shakllantirish uchun, avvalo, mustaqil fikrlaydigan, savol berishdan cho‘chimaydigan, tahlil qiladigan, tajriba o‘tkazadigan va yangilik yaratadigan avlodni tarbiyalash zarur. Ta’lim muassasalarida nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan bog‘lash, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bu boradagi muhim vazifalardandir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Uchinchi Renessansning asosiy mezoni faqat qancha ta’lim muassasasi qurilgani yoki qancha tadbir o‘tkazilgani bilan emas, balki ulardan qanday ilmiy kashfiyotlar, intellektual mahsulotlar, texnologik yechimlar va ijtimoiy samaralar yuzaga kelishi bilan belgilanadi.
“Yangi O‘zbekiston ziyolilari – milliy yuksalish tayanchi” shiori ostida o‘tkazilgan hududiy yig‘ilishlarning eng muhim jihati shundaki, ular mamlakatning ilmiy, ma’rifiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatini bir maqsad yo‘lida birlashtirishga qaratildi.Ziyoli deganda, avvalo, jamiyatning intellektual va ma’naviy taraqqiyoti uchun mas’uliyatni his qiladigan, o‘z bilimi, tafakkuri, faoliyati va shaxsiy namunasi bilan odamlarga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan fidoyi insonni tushunmog‘imiz lozim.
Olimning vazifasi yangi bilim yaratish bo‘lsa, pedagogning vazifasi shu bilimni kelajak avlodga yetkazishdir. Shifokor inson salomatligini muhofaza qilsa, yozuvchi va shoir xalqning ma’naviy olamini boyitadi. Jurnalist jamiyatda xolis axborot va sog‘lom fikr muhitini shakllantirishga hissa qo‘shadi. Madaniyat va san’at vakillari esa milliy o‘zlik, estetik did va ma’naviy qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazadi.
Ularni birlashtirib turadigan umumiy maqsad bor. Bu ham bo‘lsa, jamiyatni ma’rifatli, bilimli, vatanparvar va bunyodkor insonlar orqali taraqqiy ettirishdir.
Hududiy yig‘ilishlarning mamlakatimizning barcha mintaqalarida tashkil etilgani ham alohida e’tiborga molik. Chunki har bir hududning o‘ziga xos ilmiy, madaniy va ijtimoiy imkoniyatlari, hal etilishi zarur bo‘lgan muammolari mavjud. Bu imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun esa mahalliy olimlar, pedagoglar, ijodkorlar, tibbiyot xodimlari va faol yoshlarning fikrini eshitish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarur.
Masalan, bir hududda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, boshqa bir mintaqada tarixiy obidalarni ilmiy asosda o‘rganish va turizm salohiyatidan samarali foydalanish, yana bir hududda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish ustuvor ahamiyat kasb etishi mumkin. Ana shu masalalarga yechim topishda mahalliy ziyolilarning bilim va tajribasi muhim manba hisoblanadi.
Muloqotlar doirasida yettita shu’baning tashkil etilgani ham muhokamalarning qamrovi kengligini ko‘rsatadi. Ularda Yangi O‘zbekistonning ustuvor qadriyatlari va “Inson qadri” g‘oyasi, vatanparvarlik va millatlararo totuvlik, milliy tarbiya va yoshlar masalalari, o‘zbek tili va adabiyoti, tarixiy xotira va ma’naviy meros, madaniyat va kreativ iqtisodiyot, shuningdek, zamonaviy ilm-fan, ta’lim, innovatsion tibbiyot va yashil taraqqiyot yo‘nalishlari muhokama markazidan o‘rin oldi.
Bu yo‘nalishlarning o‘zaro bog‘liqligi bejiz emas. Chunki milliy yuksalish faqat bir sohadagi muvaffaqiyat bilan ta’minlanmaydi. Ilm-fan ma’naviyatdan, ta’lim tarbiyadan, iqtisodiy taraqqiyot esa inson kapitalidan ayro holda rivojlana olmaydi.
Shuning uchun ziyolilar kengashining faoliyatini turli sohalar vakillarining oddiy uchrashuvi emas, balki mamlakatning intellektual resurslarini birlashtiruvchi, jamiyatdagi dolzarb muammolarga ilmiy va ma’rifiy yondashuv asosida yechim izlovchi muhim institut sifatida baholash mumkin.
Bugungi globallashuv sharoitida millatning o‘zligini saqlab qolishi, milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi va kelajak avlodga yetkazishi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Axborot oqimlari, madaniy ta’sirlar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli kommunikatsiyalar inson tafakkuriga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan bir davrda yoshlarning ma’naviy immunitetini shakllantirish strategik vazifaga aylanmoqda.
Bunda ziyolilarning mas’uliyati yanada ortadi. Chunki ma’naviyatni faqat nasihat yoki targ‘ibot bilan mustahkamlab bo‘lmaydi. Buning uchun yoshlarga milliy qadriyatlarning mazmun-mohiyatini anglatish, ularni tarixiy xotira, ilmiy dalillar, badiiy tafakkur va hayotiy ibrat orqali tarbiyalash lozim.
Ayniqsa, ona tilimizning nufuzini oshirish, milliy adabiyotimizning boy merosini keng targ‘ib qilish, tarixiy shaxslarimiz va allomalarimiz hayotini chuqur o‘rganish, milliy san’at va madaniyatimizni zamonaviy axborot makonida munosib namoyon etish muhimdir.
Shu o‘rinda yana bir haqiqatni unutmaslik kerak: milliylik va zamonaviylik bir-biriga zid tushunchalar emas. Aksincha, o‘z tarixini, tilini, madaniyatini va qadriyatlarini chuqur anglagan inson zamonaviy dunyoda o‘z o‘rnini topa oladi. O‘z ildizlaridan uzilmagan holda dunyo ilm-fani va texnologiyalarini o‘zlashtirish, milliy manfaatlarni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish bugungi ziyolilar oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.
Shu nuqtayi nazardan, hududiy yig‘ilishlarda milliy tarbiya, oila va mahalla institutining o‘rni, yoshlarning mustaqil fikrlashi, vatanparvarlik va millatlararo totuvlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani katta ahamiyatga ega. Shu bois, Uchinchi Renessansning markazida faqat bilimli emas, balki yuksak ma’naviyatli, mustaqil tafakkurli, mas’uliyatli va vatanparvar inson turishi lozim.
Mazkur tadbirlarning eng muhim jihati shundaki, ularning natijasi faqat bildirilgan fikrlar, ma’ruzalar yoki muhokamalar bilan o‘lchanmasligi kerak. Asosiy mezon ilgari surilgan tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi, jamiyatdagi aniq muammolarning hal qilinishi va milliy taraqqiyotga xizmat qiladigan yangi loyihalarning yuzaga kelishidir.
Hududiy yig‘ilishlarda bildirilgan taklif va tashabbuslarni umumlashtirib, O‘zbekiston ziyolilari kengashining respublika yig‘ilishi muhokamasiga taqdim etish mexanizmi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu esa mahalliy darajada ko‘tarilgan masalalarning umumxalq ahamiyat kasb etishi, hududlardagi ilg‘or tajriba va takliflarni keng miqyosda tatbiq qilish imkoniyatini yaratadi.
Bugun dunyoda iqtisodiy qudrat, tabiiy boyliklar va geografik imkoniyatlar bilan bir qatorda inson kapitali hal qiluvchi taraqqiyot omiliga aylanmoqda. Ilmli, malakali, ijodkor va yangilikka intiluvchan insonlar har qanday mamlakatning eng katta boyligidir.
O‘zbekistonning tarixiy tajribasi ham bu haqiqatni tasdiqlaydi. Birinchi Renessans davridagi allomalar, Ikkinchi Renessans davridagi mutafakkirlar o‘z zamonasining ilg‘or bilimlari va tafakkuri bilan butun insoniyat sivilizatsiyasiga ta’sir ko‘rsata olganlar. Demak, bugungi avlod ham ana shu buyuk ilmiy va ma’naviy maktabning munosib davomchisi bo‘lishi mumkin.
Buning uchun yoshlarning ilm olishi, tadqiqot olib borishi, ijod qilishi va o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlarni yanada kengaytirish lozim. Ziyolilar esa bu jarayonda nafaqat bilim beruvchi, balki yo‘l ko‘rsatuvchi, ilhomlantiruvchi va jamiyatda yangilanish ruhini qaror toptiruvchi kuch bo‘lishi kerak.
Binobarin, Uchinchi Renessansning muvaffaqiyati davlat siyosati, ta’lim tizimi yoki ilmiy muassasalarning sa’y-harakatlari bilangina emas, balki butun jamiyatning intellektual va ma’naviy safarbarligi bilan ta’minlanadi. Bunda ziyolilarning so‘zi va amali, bilimi va mas’uliyati, tashabbusi va shaxsiy namunasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir xalqimizning boy ilmiy va madaniy merosiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, kelajak taraqqiyoti uchun intellektual kuchlarni birlashtirishga qaratilgan muhim qadamdir.
Birinchi Renessans bizga ilm-fanning cheksiz imkoniyatlarini namoyon etdi. Ikkinchi Renessans ilm, san’at, me’morchilik va davlatchilikning yuksak uyg‘unligini tarixda muhrlab qoldirdi. Uchinchi Renessans esa ana shu buyuk vorislikni zamonaviy ilm-fan, innovatsiya, raqamli texnologiyalar, yuksak ma’naviyat va inson kapitali bilan boyitishni taqozo etmoqda.
Bugungi vazifa buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishning o‘zi emas, balki ularning ilmiy jasoratiga munosib bo‘lish, ular kabi izlanish, kashfiyot qilish, yangilik yaratish va insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir.
Shu bois, ziyolilarimizning bir maqsad atrofida jipslashishi, ularning bilim va tajribasini umumxalq taraqqiyotiga yo‘naltirish, yosh avlodni ilm-ma’rifat va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Chunki milliy yuksalish, avvalo, tafakkur yuksalishidan boshlanadi. Tafakkur yuksalishi esa ilmga ehtirom, ma’rifatga intilish, tarixiy xotiraga sadoqat va kelajak oldidagi mas’uliyat bilan chambarchas bog‘liq.
Uchinchi Renessansni bunyod etish uchun bizga faqat buyuk tarix emas, buyuk maqsad, chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va yaratuvchan avlod ham kerak. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Yangi O‘zbekiston ziyolilari milliy yuksalishning nafaqat tayanchi, balki uning g‘oyaviy yetakchisi, ilmiy harakatlantiruvchi kuchi va ma’naviy mas’uliyat sohibi bo‘lishi lozim.
Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markaziSurxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari

