Obod va ko‘rkam mahalla, avvalo, uning yashil manzarasi, toza havosi va parvarishlangan daraxtlari bilan ajralib turadi. Bunday muhitni yaratish esa bir martalik tadbir emas, balki izchil mehnat va doimiy e’tiborni talab etadi.
Oltinsoy tumanining Mingchinor mahallasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari boshlandi. Tuman hokimi Otabek Mavlyanov, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari va tashabbuskor fuqarolar ishtirokida hududga turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Tadbirda mahalla hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi. Ayni paytda ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, ularning tutib ketishini ta’minlash va yashil hududlarni asrab-avaylash ham muhim vazifa hisoblanadi. Zero, ko‘chat ekish — ezgu ishning boshlanishi, uning parvarishi esa natijasini belgilaydi.

