Aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish, avvalo, har bir xonadonning imkoniyatlari va ehtiyojlarini chuqur o‘rganishni talab etadi. Shu bois mahallalarda mavjud muammolarni aniqlash va ularni manzilli hal etish ishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Farrux Xoliqov boshchiligida Guliston mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Unda mahalladagi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, bandlik bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqildi. Tuman hokimi mas’ullarga ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, xususan, ko‘mir zaxirasi bilan ta’minlanganlik holatini xonadonbay o‘rganish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda topshiriqlar ijrosini nazorat qilish, har bir xonadon bilan individual ishlash va belgilangan vazifalar natijadorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

