Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va hududning iqtisodiy salohiyatini yangi loyihalar orqali ro‘yobga chiqarish Surxondaryo uchun muhim vazifalardan. Bu borada Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Yaponiya elchixonasi vakillari, Marubeni Corporation, Mitsui & Co., Mitsubishi Power, Sumitomo Corporation, Toyota Tsusho Corporation, Toyota Central Asia kompaniyalari hamda JICA va JETRO tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi.

Muloqotda viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari va investorlar uchun istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Jumladan, energetika sohasiga sarmoya kiritish, mehnat migratsiyasi yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, Surxondaryoning tarixiy-madaniy merosi va turistik salohiyatini Yaponiyada targ‘ib etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toyota kompaniyasining Termiz shahrida rasmiy savdo va ko‘rgazma markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli takliflarni o‘rganish, hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va navbatdagi amaliy qadamlarni belgilashga kelishib olindi.

