“Yuksalish” harakati tomonidan mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yirik ijtimoiy tashabbus — “Ziyoli kelajak” loyihasiga start berilganidan xabaringiz bor.
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi “NARZI QUSHBEGI” MCHJ homiyligida “Ziyoli kelajak” loyihasi doirasida Boysun tumanidagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxonasiga 32 nomdagi 500 dona kitob topshirildi.
Kitoblar orasidan o‘zbek adabiyoti namunalari bilan bir qatorda xorijiy mualliflarning sara asarlari ham o‘rin olgan bo‘lib, mazkur tashabbus o‘quvchilarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ularning dunyoqarashi va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
— Ziyoli kelajak” loyihasida ishtirok etish biz uchun kelajakka sarmoya kiritish, ta’lim va o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy rivojini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatidir. Ishonchimiz komilki, kuchlarimizni birlashtirish orqali bolalar qayerda yashashi yoki ta’lim olishidan qat’i nazar, ular uchun teng imkoniyatlar yaratishimiz mumkin. Maqsadimiz — O‘zbekistondagi har bir bola kitob, bilim va zamonaviy ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishiga ko‘maklashish, — deydi “NARZI QUSHBEGI” MCHJ rahbari Behzod Qodirov.

Ushbu tashabbus — ta’limga, kitobga, ilmga va eng muhimi, O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yosh avlodga kiritilayotgan sarmoyadir. Zero, bugun maktab kutubxonasiga topshirilgan har bir kitob — ertangi kunning bilimli, tafakkurli va ma’rifatli avlodi uchun qo‘yilgan muhim qadamdir.

