Surxondaryoda YPX xodimi xizmat vakolatidan foydalanib, paxta ortilgan yuk mashinalarini yo‘ldan qaytarish bilan qo‘rqitib, haydovchilardan pul talab qilgan. Uning “har bir mashina uchun 100 ming so‘m” degan talabi oxir-oqibat o‘ziga 5 yillik qamoq jazosini olib keldi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB YHXB katta inspektori F.I. Boysun tumanidagi muntazam YPX maskanida xizmat olib borib, Qumqo‘rg‘ondan Qarshiga paxta olib ketayotgan yuk mashinalarini to‘xtatgan. U buni go‘yoki rahbariyatning “paxta tolasi viloyatdan chiqmasin” degan topshirig‘i bilan izohlagan.
Ammo “topshiriq” ortida boshqa maqsad bo‘lgan. Inspektor yuk mashinalarini bemalol o‘tkazib yuborish evaziga har biridan 100 ming so‘m talab qilgan. 2026 yil 20 va 28 fevral kunlari jami 2,9 million so‘m olgan. Keyin esa 41 ta mashina uchun yana 4,1 million so‘m talab qilgan.
2-mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda F.I. talab qilingan 4,1 million so‘mning 4 million so‘mini olayotgan vaqtida ushlandi.
Qizig‘i, bu uning pora bilan bog‘liq ilk sud ishi emas. F.I. 2014 yilda ham pora olishda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq 2022-yilda Oliy sud kassatsiya instansiyasi hukmni bekor qilib, uni oqlagan va shundan so‘ng ichki ishlar tizimiga qayta tiklangan.
Bu safar esa sud uni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topdi. U 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va ikki yil davomida ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.
Bir vaqtlar oqlanib, xizmatga qaytgan xodimning yana pora bilan qo‘lga tushgani voqeaning eng keskin jihatlaridan biridir. Xizmat vakolati fuqarodan pul undirish vositasiga aylantirilsa, “topshiriq” degan bahona ham javobgarlikdan qutqara olmaydi.

