SERQIRRA OLIM

Date:

Ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan har bir olimning o‘ziga xos yo‘nalishi, iste’dod qirralarini namoyon qilish usullari, g‘oyaviy qarashlari mavjud bo‘ladi. Kimdir tor doirada, yana kimlardir turli yo‘nalishlardagi faoliyati bilan ilm olamiga kirib keladi. O‘tmish allomalarimizdan ma’lumki, turli fanlar bilan, fanning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullangan shaxslar ko‘p bo‘lgan va ularga nisbatan oliy nisbasi qo‘llanilgan. Shubhasiz, bugungi kunda ham ana shunday qomusiy xarakter kasb etayotgan, ijodiy olami bilan ilm ahlini hayratga solayotgan olimlarimiz ko‘p. Ana shunday olimlarimizdan biri, bugungi kunda 80 yoshini munosib qarshilayotgan ustoz Ibodulla Mirzayevdir.
Ibodulla Mirzayev faoliyati bir yo‘nalish bilan chegaralanib qolmagan, tilshunoslikning turli sohalarini yagona metodologik tizim asosida mukammal tadqiq etgan olimlarimizdan. Olimning ilmiy faoliyati tarjimada til imkoniyatlaridan foydalanishni tadqiq qilishdan boshlangan. Shu yo‘nalishda aslida u kishi tarjimashunos olim. I.Mirzayev ilmiy faoliyatining rivojlanib borishida tarjimashunoslik, shuningdek tarjimonlik faoliyati katta maktab vazifasini bajargan. Olim Sh.Ballining “Fransuz stilistikasi” asarini tarjima qilish asnosida lingvistikaning turli yo‘nalishlari: stilistika, lingvopoetika, nutq madaniyati, badiiy matn tahlili, qiyosiy tilshunoslik, kognitiv tilshunoslikda tilni tahlil qilishdagi muhim va zamonaviy yo‘nalishlar ekanligini his etdi va ushbu yo‘nalishlarni o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqlikda o‘rganishga kirishdi. Shu boisdan olimning bugungi kundagi tadqiqotlarida faqat til birliklarining tadqiqi emas, balki tilning funksional mohiyatini yoritish uchun xizmat qiladigan filologik yondashuvlarni kuzatishimiz mumkin.
Professor I.Mirzayev ilmiy faoliyatida badiiy matn tahlili masalalari bilan shug‘ullanish alohida ajralib turadi. Stilistika sohasidagi bilimlar, shu sohada olib borilgan tadqiqotlar natijasida tilga shunchaki nutq birligi sifatida emas, tafakkur, madaniyat, ma’naviyat va badiiy-estetik olamning sintezi sifatida yondashish lozimligiga e’tibor qaratdi. Olimning nazdida matnning haqiqiy mazmuni alohida til birliklarida emas, balki ularning o‘zaro munosabatida, badiiy tuzilishi va estetik vazifasida namoyon bo‘ladi. Shu asosda olim til birliklarini namoyon bo‘lishidagi yanada murakkabroq soha – lingvopoetika masalalari bilan shug‘ullanishga e’tibor qarata boshladi.
Lingvopoetikaning asosiy vazifasi badiiy matndagi til birliklarining tabiatini ochish – til vositalarining badiiy obraz yaratishdagi o‘rnini belgilash, badiiy-estetik tasvirini ilmiy jihatdan yoritishdan iborat. Filologiya ilmida lingvopoetika, tilshunoslik va adabiyotshunoslikni o‘zaro bog‘lovchi fan sifatida talqin etiladi va lingvopoetik tahlil obyekti sifatida asosan badiiy matn tanlanadi.
I.Mirzayevning 1992-yilda bajarilgan “She’riy tekstning lingvopoetik tahlili masalalari” mavzusidagi fundamental tadqiqoti lingvopoetika muammolariga bag‘ishlangan ilk tadqiqotlardan edi.
Ushbu tadqiqot ijodkorning tildan foydalanish mahorati, til birliklarining matn, matn qismlarini badiiy-estetik qimmatini oshirishdagi vazifalari tahliliga bag‘ishlangan. Tadqiqot she’riy matnning muhim qismi hisoblangan qofiyaning lingvopoetik xususiyatlari talqiniga bag‘ishlangan. Tadqiqotda qofiya tuzilishida leksik birliklarning ishtiroki, qofiyada morfologik vositalarning o‘rniga ko‘ra lingvopoetik mohiyatning namoyon bo‘lishi o‘zbek she’riyatining yetuk namoyandalari asarlaridan olingan 1500 qofiya asosida ochib berilgan. Ishda lingvopoetik tahlil mezonlari, mohiyati va bu tahlildan ko‘zda tutilgan maqsad o‘z ifodasini topgan.
I.Mirzayev sermahsul va tafakkur olami keng tilshunoslardan. Olim nashr ettirgan ilmiy ishlarining mavzulari ushbu fikrning yorqin tasdig‘idir. Olim ilmiy ishlarining mavzuviy ko‘lami keng bo‘lib, alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar mavjud. Binobarin, jahon tilshunosligining darg‘alari A.A.Potebnya, Sh.Balli, Y.M.Lotman, Boduena de Kurtane, F.I.Buslayev, R.Yakobson, L.V.Sherba, S.Ivanov, E.Sepir kabi ko‘plab olimlarning ilmiy tadqiqotlariga munosabat bildirilgan mulohazalar yozib nashr ettirgan.
A.Navoiy ijodi va Navoiy ijodining o‘rganilishi ham olim ilmiy faoliyatida muhim bo‘lgan. “A.Navoiy ijodining Rossiyada o‘rganilishi” nomli monografiyasi va Navoiy ijodining o‘rganilishiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari olimning navoiyshunoslikda ham o‘ziga xos o‘ringa ega ekanligidan dalolatdir.
I.Mirzayev tilshunoslikning turli sohalari: nazariy tilshunoslik, uslubshunoslik, nutq madaniyati, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, lingvokulturologiya, shuningdek, badiiy matn tahlili masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy ishlar yozib nashr ettirgan. Olimning “Fransuz tilining nazariy grammatikasi”, “Tahliliy o‘qish” kabi darsliklari, “Matn pragmatikasi” nomli qo‘llanmasi oliy ta’limning turli bo‘g‘inlarida foydalanilib kelinmoqda. I.Mirzayev lingvistik manbalar tarjimoni sifatida ham mashhur. F. de Sossyurning “Umumiy tilshunoslik”, V.Takning “Fransuz tili grammatikasi”, Ye.Bertelsning “Navoiy va Attor”, V.A.Maslovaning “Kognitiv tilshunoslik” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
I.Mirzayev ilmiy faoliyatiga nazar solar ekanmiz, ilmiy ishlarining o‘z davrining ilmiy ehtiyojlari doirasidan chiqib, zamonaviy tilshunoslik taraqqiyotining dolzarb muammolarini yoritishga xizmat qilayotganini kuzatish mumkin. Garchand olimning nashr ishlari mavzuviy jihatdan keng va rang-barang bo‘lsa ham, uning tadqiqotlari bir-biridan ajralgan holda alohida yo‘nalishlar emas, balki yagona ilmiy qarashlar asosida umumiy bir g‘oya atrofida birlashtirilgan ilmiy ishlar ekanligining guvohi bo‘lasiz. Aslida tarjimashunoslikdan boshlangan izlanishlar til ilmidagi turli yo‘nalishlarni, fransuz stilistikasini chuqur o‘rganish, matn tahlili nazariyasini ishlab chiqish, matnni lingvopoetik tahlil qilish metodologiyasini yaratish kabi jarayonlarni bosib o‘tdi. Bu murakkab ilmiy yo‘l bosqichma-bosqich katta mehnat va albatta ulkan iste’dodning natijasi sifatida shakllantirildi.
Professor I.Mirzayev ilmda o‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan olim, bu maktab fanga masalani nazariy jihatdan atroflicha tahlil qilish asosida ilmiy xulosa chiqarish, mustaqil ilmiy mushohadalar qilish madaniyatini olib kirdi.
Ibodulla Mirzayev ko‘p yillik ilmiy va pedagogik faoliyati davomida o‘zbek filologiyasi taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan olimlardan. Olim asarlarida ko‘plarning nazariga tushmaydigan til faktlarining yorqin tafsilotini kuzatish mumkin, dalillarga tayanish olim ilmiy tadqiqotlarining ustuvor jihatlaridir. Shu bois I.Mirzayev ilmiy asarlari bugungi tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida yangi ilmiy g‘oyalarning shakllanishi, til haqidagi nazariy qarashlarning rivojlanishi uchun xizmat qilishda davom etadi.
O‘zbek filologiyasi ilmi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib kelayotgan olim I.Mirzayev 80 yoshda. Ushbu munosabat bilan ustozning 80 yillik yubileylari bilan chin dildan muborakbod etar ekanmiz, u kishiga yanada uzoq umr, sihat-salomatlik, mustahkam sog‘lik, oilasiga tinchlik-xotirjamlik tilab qolamiz.
Bekpo‘lat UMURQULOV,
TerDU professori, filologiya fanlari doktori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Murojaat muddati —huquq kafolati

Fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini sud orqali himoya qilishi...

Taraqqiyot poydevori

Respublikamiz mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 35 yil davomida barcha...

EKRAN ORTIDAGI XAVF: QANDAY ALDANAMIZ?

Raqamli texnologiyalar hayotimizni yengillashtirdi. Bir necha daqiqada pul o‘tkazish,...

Seuldan Surxondaryoga: tajriba, taassurotva yangi g‘oyalar

Ta’limda yangilikka intilish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bugungi...
KunTun
KunTun