Asad – ekiningni yasat

Date:

Joriy yilda viloyatimizda 62 850 gektar maydonga chigit ekilib, turli istiqbolli g‘o‘za navlari parvarish qilinmoqda.
Endi paxtakorlar oldidagi eng muhim vazifa — yetishtirilayotgan hosilni saqlab qolish, uning sifati va salmog‘ini oshirishdan iborat.
Xalqimizda: “Asad — ekiningni yasat” degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Chunki avgust oyi g‘o‘za parvarishida eng mas’uliyatli davrlardan biri hisoblanadi. Bu paytda havo harorati nisbatan mo‘tadillashib, kechalari salqin tushishi natijasida g‘o‘zaning fotosintez jarayoni yaxshilanadi, shona, gul va ko‘saklarda oziq moddalar to‘planishi kuchayadi. Ammo aynan shu davrda qilingan agrotexnik tadbirlar hosil taqdirini hal qiladi.
Bu yil avgust oyi boshlarida havoning o‘ta issiq, quruq va garimselli kunlari kuzatilishi mumkin. Bunday sharoitda g‘o‘zaning suv va ozuqaga bo‘lgan talabi ortadi. Ayniqsa, kechpishar navlarda hosil elementlarining to‘kilishi ko‘payishi ehtimoli bor. Shuning uchun dalalarda sug‘orish, oziqlantirish va parvarish ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ozuqa yetishmovchiligi kuzatilayotgan maydonlarda faqat suv berish bilan cheklanmasdan, sharbat usulida oziqlantirish, organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish va barg orqali oziqlantirish ishlarini amalga oshirish tavsiya etiladi. Jumladan, maxsus preparatlar bilan suspenziya qilish g‘o‘zaning tashqi muhit ta’siriga chidamliligini oshiradi, hosil elementlarining saqlanib qolishiga yordam beradi.
Sug‘orish ishlariga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Suv tanqis bo‘lgan hududlarda egat oralatib sug‘orish suvni tejash bilan birga tuproqning ortiqcha zichlashishining oldini oladi. Tunda sug‘orish esa suv bug‘lanishini kamaytiradi va mavjud suvdan samarali foydalanish imkonini beradi. Sug‘orishdan so‘ng qator oralariga sifatli ishlov berish tuproq namligini uzoq saqlab, g‘o‘zaning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
G‘o‘za dalalarida yana bir muhim tadbir — g‘ovlab ketgan maydonlarni aniqlash va ularni varaqlash hisoblanadi. Bu usul orqali o‘simlik ichiga havo va quyosh nuri yaxshi kirib boradi, zararkunandalar tarqalishi kamayadi hamda hosilning ma’lum qismi saqlab qolinadi. Aks holda, ortiqcha o‘sib ketgan g‘o‘zada shona va gullar to‘kilishi, kasalliklar ko‘payishi va natijada hosildorlik pasayishi mumkin. Shuningdek, g‘o‘zani chilpish ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazish ham katta ahamiyatga ega. Chala yoki kech o‘tkazilgan chilpish o‘simlikning ortiqcha o‘sishiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri tashkil etilgan chilpish esa oziq moddalarning asosiy qismi hosil elementlariga yo‘nalishiga xizmat qiladi.
Paxta urug‘chiligi bilan shug‘ullanayotgan fermer va klasterlar uchun yana bir muhim
vazifa — nav tozaligini ta’minlashdir. Dalalarda boshqa nav aralashib ketishining oldini
olish, urug‘lik maydon-larni nazorat qilish kelgusi yil hosili uchun mustahkam asos yaratadi. Avgust oyida paxtakorning har bir kuni, har bir tadbiri muhim. Bu davrda mehnatini ayamagan dehqon
kuzda mo‘l va sifatli hosil bilan baraka topadi. Chunki paxtachilikda hosil faqat ekish bilan emas, balki uni parvarish qilishdagi har bir mas’uliyatli qadam bilan yaratiladi.
Shu bois Asad oyi — paxtakor uchun sinov va imkoniyat oyidir. Bu oyda qilingan to‘g‘ri va o‘z vaqtidagi ishlar nafaqat bugungi hosilni, balki sohaning kelgusi natijalarini ham belgilab beradi.

B.Jo‘rayev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, fan va texnika sohasidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati,
qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, seleksioner olim
M.Tojiyev,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti “Boshlang‘ich ashyo yaratish” laboratoriyasi mudiri, katta ilmiy xodim
J.Jo‘rayev,
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Adib merosi qalblarga maʼnaviyat ulashdi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy...

Harbiylar o‘rtasida kibersport musobaqasiga start berildi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayrabod...

Og‘ir toifadan namunali hududga…

Muzrabot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida esayotgan o‘zgarishlar epkini hayot sifatini...

“Adolat” islohotlarga kamarbasta

Ezgu g‘oyalar bilan nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining35 yilligi...
KunTun
KunTun