Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumanidagi 8-sonli maktab negizida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini oshirish uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Jumladan, harbiy-sport mashg‘ulotlari, intellektual tanlovlar hamda zamonaviy sport va harbiy infratuzilma imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.
Viloyat hokimi o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ularning kelajak rejalari va takliflarini tingladi. Mas’ullarga yoshlar tarbiyasini yanada kuchaytirish, mavjud sharoitlarni takomillashtirish va belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Mazkur ta’lim maskani Vatanga sadoqatli, bilimli va tashabbuskor yoshlarni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

