Asosli to‘xtamga kelingan…mi?

Date:

Surxondaryo viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq nizo sudda tadbirkor foydasiga hal etildi. Mazkur ish tadbirkorlik faoliyatida qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llash va fuqarolarning huquqlarini sud orqali himoya qilishning amaliy namunasi sifatida e’tibor qozondi.
Viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2026-yil 15-maydagi qarori bilan Termiz tumanlararo ma’muriy sudining 2026-yil 30-martdagi hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirildi. Unga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor manfaatida kiritilgan ariza qanoatlantirilib, soliq organining qarori haqiqiy emas deb topildi hamda tadbirkorni QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini qonunchilik talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, tadbirkor 2025-yil 14-noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va shu yilning oxirigacha 417 million so‘mdan ortiq tovar aylanmasini amalga oshirgan. Shundan so‘ng soliq organi uni QQS to‘lovchisi sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Biroq sud muhokamasi davomida Soliq kodeksining mazkur masalaga oid normalarini qo‘llashda muhim huquqiy jihat aniqlangan. Xususan, kodeksning 2026-yil 1-yanvarga qadar amalda bo‘lgan tahriridagi davlat tilidagi va rus tilidagi matnlari o‘rtasida tafovut mavjud bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.
Qonunchilikka ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarning davlat tilidagi matni ustuvor hisoblanadi. Sud aynan shu tamoyildan kelib chiqib, nizoni davlat tilidagi rasmiy matn asosida ko‘rib chiqqan. Natijada tadbirkorning 2025-yil yakuniga qadar amalga oshirgan tovar aylanmasi QQS to‘lovchisi sifatida majburiy ro‘yxatdan o‘tish uchun yetarli asos bo‘lmagan degan xulosaga kelingan.
Sud qarorida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har bir shaxsga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari ustidan sudga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi. Mazkur ishda ham tadbirkor ushbu konstitutsiyaviy huquqdan foydalanib, o‘z manfaatlarini sud tartibida himoya qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Ushbu sud qarori tadbirkorlik subyektlari uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki u davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar qonunchilik talablariga qat’iy mos bo‘lishi lozimligini, shuningdek, huquqlari buzilgan deb hisoblagan shaxslar sud orqali adolat tiklanishiga erishishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mazkur holat qonun ustuvorligi, tadbirkorlik erkinligini ta’minlash va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish yo‘lidagi muhim sud amaliyotlaridan biri sifatida e’tiborga loyiqdir.

Xanjar Xakimov,
Surxondaryo viloyat ma’muriy sudining sudyasi

Oldingi sahifaManfaat soyasida…
Keyingi sahifaXavf qo‘ng‘irog‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Dunyo miqyosida volontyorlik harakati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida...

Qonun ustuvorligi va halollik mezoni

Mamlakatimizda barcha sohalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning...

Xavf qo‘ng‘irog‘i

Ekologiya sohasidagi korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas — bu tabiatga...

Asosli to‘xtamga kelingan…mi?

Surxondaryo viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)...
KunTun
KunTun