Orzudan boshlangan yo‘l

Date:

Har bir inson hayotida uning kelajagiga yo‘l ko‘rsatadigan, qalbiga ilm va tarbiya nurini singdiradigan ustoz bo‘ladi. Chunki ustoz — nafaqat bilim beruvchi, balki yosh avlodni komillik sari yetaklovchi ma’naviy yo‘lboshchidir. Ana shunday fidoyi pedagoglardan biri Rohatxon Nazarovadir.

Bolalikdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan Rohatxon opa yosh bolalarga saboq berishni o‘zining eng ulug‘ maqsadi deb bildi. U bu orzu sari dadil intilib, Termiz shahridagi 8-umumiy o‘rta maktabni 1993-yilda tamomlagach, Termiz davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirib, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.

Oliygohni muvaffaqiyatli tugatganidan so‘ng, o‘zi ta’lim olgan qadrdon maktabida pedagogik faoliyatini boshladi. Shu dargohda yillar davomida sidqidildan mehnat qilib, o‘zining tirishqoqligi, kasbiga sadoqati va mas’uliyati bilan maktab jamoasi hamda o‘quvchilarning hurmatini qozondi. Faoliyatining ilk davrlarida Sh.Yusupmurodova va N.Hakimova kabi tajribali ustozlardan kasb sirlarini o‘rganib, o‘z mahoratini yanada boyitdi. Bugun esa u o‘zi ham yosh pedagoglarga yo‘l ko‘rsatayotgan tajribali ustozlardan biriga aylandi.

Rohatxon Nazarova har bir darsga puxta tayyorgarlik bilan kiradi. U o‘quvchilarning chuqur bilim olishi, mustaqil fikrlashi va ma’naviy barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi uchun astoydil mehnat qiladi. Chunki ustozning haqiqiy boyligi — bu uning shogirdlari erishayotgan yutuqlardir.

Uning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilib, joriy o‘quv yilida 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustoz-murabbiy” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu mukofot fidoyi ustozning ta’lim sohasidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.

Bugun Rohatxon opa nafaqat o‘quvchilarga, balki yosh o‘qituvchilarga ham o‘z tajribasi va bilimlarini ulashib, ularning kasbiy mahoratini oshirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatmoqda. Bunday ustozlar bor ekan, ta’lim maskanlarida ilm va ma’rifat nuri yanada porlayveradi.

Saodat Qurbonova,

Termiz shahridagi 8-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Noyob topilmalar tadqiq etilmoqda

Sho‘rchi tumanida 2023-yilda aniqlangan Ozod arxeologik yodgorligida bronza davriga...

Yo‘llarda tozalikni saqlashning oddiy yechimi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi yo‘l va dalalar atrofida chiqindilar to‘planishining...

Harakatdagi mahalla

Muzrabot tumanining "Oriyat" mahallasida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini...

Jamoamiz kuchli uchlikda

Toshkent shahrida ayollar o‘rtasida suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi...
KunTun
KunTun