USTOZ — MA’NAVIYAT CHIROG‘I

Date:

Jamiyat taraqqiyoti, xalqning ertangi kuni va millatning ma’naviy kamoloti, avvalo, ustozlarga bog‘liq. Chunki inson qalbiga ezgulik urug‘ini qadaydigan, yosh avlodni ilm-ma’rifat sari yetaklaydigan buyuk zot — bu ustozdir. Ona farzandni dunyoga keltirsa, ustoz unga hayotni anglatadi, tafakkur beradi, dunyoni tanitadi. Shu bois xalqimiz azal-azaldan ustozni ulug‘lab, uni ehtirom va sharaf bilan tilga oladi. Ana shunday fidoyi, xalq ardog‘idagi ustozlardan biri — ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Munavvar Hasanovadir.

Ustoz Termiz davlat pedagogika institutini tamomlagach, o‘zining butun umrini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishladi. U uzoq yillar davomida Sariosiyo tumanidagi 24-maktabda samarali faoliyat yuritib, bir necha yil o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ham ishladi. Hozirgi kunda esa 26-maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida yosh avlodga saboq berib kelmoqda.

Ustozlikni oddiy kasb emas, balki muqaddas burch deb bilgan Munavvar opa o‘zining bilim salohiyati, yuksak madaniyati va insoniy fazilatlari bilan hamkasblari hamda o‘quvchilari qalbidan chuqur joy olgan.

Bugungi davr o‘qituvchidan faqat bilim emas, balki zamon bilan hamnafas bo‘lishni ham talab etadi. Munavvar opa dars jarayonlarida yangi pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar, seminar-treninglar, bahs-munozaralar va davra suhbatlaridan unumli foydalanadi. Natijada o‘quvchilar darsda faqat tinglovchi emas, balki faol ishtirokchiga aylanadi. Uning darslari o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, erkin mulohaza yuritish va kitobga mehr uyg‘otishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki haqiqiy ustoz shunchaki mavzu o‘tmaydi — u qalblarni tarbiyalaydi, tafakkurni uyg‘otadi.

Munavvar opa o‘z ustida muntazam ishlaydigan, izlanishdan charchamaydigan pedagoglardan biridir. Uning mehnatsevarligi natijasida o‘quv-uslubiy ishlanmalar, metodik qo‘llanmalar, test banklari hamda mavzularga oid ko‘rgazmali vositalar yaratildi. Bu esa nafaqat o‘quvchilarning bilimini oshirishga, balki yosh pedagoglar uchun ham tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. U shogirdlariga doimo: “Dars qiziqarli bo‘lishi uchun o‘qituvchi, avvalo, o‘zi izlanishi kerak”, — deya ta’kidlaydi.

Darhaqiqat, ustozning izlanuvchanligi uning mahoratini yanada yuksaltiradi.

Munavvar opa nafaqat ta’lim sohasida, balki ma’naviy-ma’rifiy va jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U xalq manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan, yurt ravnaqi va yoshlar kamoloti uchun sidqidildan xizmat qilayotgan fidoyi ustozdir.

Davlatimiz tomonidan uning ta’lim soha-sidagi samarali xizmatlari munosib qadrlanib, 2001-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham bejiz emas. Bu mukofot — ustozning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati, sabr-toqati va xalq oldidagi xizmatlariga berilgan yuksak bahodir.

Bugun Munavvar opa tarbiyalagan minglab shogirdlar jamiyatning turli sohalarida Vatanga sadoqat bilan xizmatqilmoqda. Ularning yutuqlarida ustoz bergan ta’lim va tarbiyaning o‘rni beqiyos.

Munavvar Hasanovaning hayot yo‘li, kasbiga sadoqati, ilmga muhabbati va insoniy fazilat-lari yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabidir. Chunki haqiqiy ustozning nomi shogirdlari qalbida yashaydi.

Ustoz — jamiyatning ma’naviy tayanchi. U ilm bilan qalblarni yoritadi, tarbiya bilan kelajakni bunyod etadi. Munavvar opa kabi fidoyi pedagoglar bor ekan, yurtimizda ma’rifat nuri, ezgulik va taraqqiyot davom etaveradi. Bunday ustozlar xalqning faxri, millatning bebaho boyligidir.

M.Meliqulova,

M.Ismatullayeva,

Termiz ixtisoslashgan san’at maktabi o‘qituvchilari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Harbiy xizmatchilarga asalarichilik sirlari o‘rgatilmoqda

Asalarichilik — mehnatsevarlik, sabr va mas’uliyatni talab etadigan, insonni...

Sariosiyodagi 94 ta maktabga 325 million so‘m

Ta’lim sifati va o‘quvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar bugungi kunda...

“Kitob menga har safar yangi kuch beradi”

Men “Yosh kitobxon” tanlovida bir necha bor ishtirok etganman....

Ezgulik karvoni yetkazildi

Insonparvarlik — bu millatning eng yuksak ma’naviy mezoni, og‘ir...
KunTun
KunTun