Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning bilim va salohiyatini oshirish har qachongidan muhim. Ayniqsa, ona tilimizga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, uni amaliy hayotda qo‘llash ko‘nik-malarini rivojlantirish dolzarb masalalardan biridir.
Shu maqsadda Termiz davlat universitetida tashkil etilgan “Muharrir” klubi qisqa vaqt ichida faol va izlanuvchan talabalarni birlashtirgan maskanga aylandi.
Bugun klub safida 30 nafar talaba faoliyat yuritmoqda. Ularni birlashtirgan yagona maqsad o‘zbek tilining nufuzini oshirish va bo‘sh vaqtni foydali mashg‘ulotlar bilan boyitishdir. Bu esa nafaqat bilim olish, balki ijod qilish, fikrlash va o‘z ustida ishlash imkonini ham beradi.
Klub faoliyati bir nechta muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Eng avvalo, talabalar mashg‘ulotlardan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazadi. Turli amaliy mashg‘ulotlar, tahlillar va ijodiy ishlanmalar orqali ular o‘z bilimlarini mustahkamlab kelishmoqda. Shuningdek, klub a’zolari turli sohalarda lingvistik yondashuvning o‘rni haqida ham tushunchaga ega bo‘lishmoqda. Bu esa ularning fikrlash doirasini kengaytirib, tilshunoslikni faqat nazariy fan emas, balki amaliy ahamiyatga ega soha ekanini anglashlariga yordam beradi.
Ona tiliga hurmat – o‘zlikka hurmat. Ushbu tamoyil asosida klub o‘z oldiga muhim vazifa qo‘ygan. Shu ma’noda, klubning muhim vazifasi – talabalar ongida tilimizga nisbatan hurmat va e’tiborni kuchaytirishdir. Turli peshlavhalar, darsliklar, gazeta va jurnallardagi matnlarni tahlil qilish orqali ular tilning nozik jihatlarini o‘rganib kelishmoqda.
Klub tizimli yondashuv asosida erkin va mustaqil fikrlashni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Talabalar matnlarni tahrirlash, tahlil qilish, xatolarni aniqlash va to‘g‘rilash orqali amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishmoqda. Bu esa kelajakda ularning professional kadr sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, klubda lingvistik jarayonlarni turli sohalarda qo‘llashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi globallashuv davrida har bir millat o‘z tilini rivojlantirish orqali o‘zligini saqlab qoladi. “Muharrir” klubi aynan shu yo‘lda munosib hissa qo‘shmoqda. “Til yashasa – millat yashaydi” shiori ostida faoliyat yuritib, yoshlarni nafaqat bilimli, balki milliy qadriyatlariga sodiq, madaniyatli va saviyali insonlar qilib tarbiyalashni maqsad qilgan.
Ushbu klub nafaqat to‘garak, balki ijod maskani, fikrlar maydoni, til va tafakkur maktabidir. Bu yerda har bir talaba o‘z imkoniyatini kashf etadi, bilimini boyitadi va kelajak sari dadil qadam tashlaydi.
Hamid Bozorov
Termiz davlat universiteti
O‘zbek tilshunosligi
kafedrasi dotsenti

