Huquqiy demokratik davlat barpo etishda sud tizimining o‘rni beqiyosdir. Ayniqsa, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari bilan yuzaga keladigan nizolarini adolatli hal etishda ma’muriy sudlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish maqsadida ma’muriy sudlar faoliyati tobora takomillashtirilmoqda.
Ma’muriy sudlarga fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar taalluqli hisoblanadi. Bu sudlar ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqadi. Bunda davlat organlari, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari qabul qilgan qarorlar yoki harakatlar qonunchilikka muvofiqligi sud tartibida tekshiriladi.
Ma’muriy sudlarda ko‘riladigan ishlar doirasi juda keng. Jumladan, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ustidan nizolashish, davlat organlari qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish, saylov komissiyalari faoliyati bilan bog‘liq nizolar, notarial harakatlarni amalga oshirish rad etilganligi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar shular jumlasidandir. Shuningdek, investitsiyaviy nizolar hamda raqobat sohasidagi ayrim ishlar ham ma’muriy sud vakolatiga kiradi.
Ma’muriy sudlarning eng muhim jihatlaridan biri — davlat organlari ustidan sud nazoratini ta’minlashidir. Bu esa fuqarolarning davlat idoralari bilan munosabatlarda o‘zini himoyalangan his etishiga xizmat qiladi. Agar mansabdor shaxsning qaror yoki harakati inson huquqlariga zid bo‘lsa, fuqaro uni sud orqali haqiqiy huquqiy baholatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu holat jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Shu bilan birga, qonunchilikda sudga taalluqlilik qoidalari aniq belgilab qo‘yilgan. Agar ariza noto‘g‘ri sudga berilgan bo‘lsa, u tegishli sudga o‘tkaziladi. Bu esa ishlarning to‘g‘ri va qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi. Sudlar o‘rtasida taalluqlilik bo‘yicha nizolarga yo‘l qo‘yilmasligi esa sud tizimidagi aniqlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
Ayniqsa, investitsiyaviy nizolar bo‘yicha belgilangan tartib mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Investorlarning huquqiy himoyasi kafolatlanishi iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Raqobat sohasidagi nizolarning ma’muriy sudlarda ko‘rilishi esa bozor munosabatlarida adolatli raqobat muhitini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Ma’muriy sudlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, davlat organlari faoliyatining qonuniyligini ta’minlashda hamda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini qaror toptirishda muhim huquqiy institut hisoblanadi. Ularning samarali faoliyati demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim kafolatlaridan biridir.
Sunnat Xalmatov,
Viloyat ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi

