Yurtimizda inson qadri, mehr-oqibat va ijtimoiy himoya tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, muborak Qurbon hayiti arafasida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, og‘ir xastalikka chalingan fuqarolarga yordam ko‘rsatish hamda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli xayriya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Rejalarga ko‘ra, og‘ir kasallikka chalingan minglab bolalarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, transplantatsiya xarajatlarini qoplash hamda onkologik bemorlarni davolash ishlari tashkil etiladi. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiylarning farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, masjidlarda zamonaviy tahoratxonalar qurish, qabristonlarni obodonlashtirish, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ushbu tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

