Jeyms Harrison hikoyasi

Date:

1951-yilda avstraliyalik 14 yoshli bola jarrohlik amaliyoti paytida o‘lim yoqasiga kelib qoldi. Tirik qolishi uchun unga juda ko‘p qon quyish talab etildi. Notanish insonlarning qoni uning hayotini saqlab qoldi.

O‘shanda u o‘ziga so‘z berdi: 18 yoshga to‘lishi bilan qon topshirishni boshlaydi.

U va’dasining ustidan chiqdi va 1954-yildan donorlik qila boshladi. Bir necha bor qon topshirganidan so‘ng, shifokorlar unda g‘ayritabiiy xususiyatni payqab qolishdi. Uning qonida hali tug‘ilmagan chaqaloqlar uchun o‘lim xavfini tug‘diruvchi holatning oldini oluvchi noyob antitana mavjud edi.

Bu kashfiyotgacha Avstraliyada har yili minglab chaqaloqlar nobud bo‘lar, shifokorlar esa buning sababini bilishmasdi. Ayollar ketma-ket homila tushishidan aziyat chekar, chaqaloqlar miya shikastlanishi bilan tug‘ilar edi. Uning qonidagi antitana hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Undan homilador ayolning qoni tug‘ilmagan farzandiga hujum qilish xavfi bo‘lgan holatlarda qo‘llaniladigan maxsus dori vositasi ishlab chiqildi.

Uning ismi Jeyms Harrison edi. Uni «Oltin qo‘lli inson» deb atashardi.

U 60 yil davomida har ikki haftada qon topshirdi. Biror marta ham belgilangan vaqtni o‘tkazib yubormadi va evaziga hech narsa kutmadi. Avstraliyada qon donorlariga haq to‘lanmaydi.

Eng qizig‘i, u butun umri davomida ignadan (shpritsdan) qo‘rqqan. «Biror marta ham inaning qo‘limga kirishini kuzatmaganman. Shiftga yoki hamshiralarga qarab turardim», — degan edi u.

Hatto uning o‘z qiziga ham homiladorlik paytida shu dori kerak bo‘ldi. Demak, uning nabiralari ham bobosining donorligisiz dunyoga kelmagan bo‘lishi mumkin edi. «U ortidan shunday oilani qoldirdiki, agar uning bebaho hissasi bo‘lmaganida, bu oila a’zolari bugun oramizda bo‘lmasligi mumkin edi», — deydi qizi.

2018-yil 11-may kuni, 81 yoshida u o‘zining 1173- va eng so‘nggi donorligini amalga oshirdi. Avstraliya qonunchiligi bu yoshdan keyin donorlik qilishga ruxsat bermaydi.

1967-yildan beri uning qonidan tayyorlangan 3 milliondan ortiq dori dozasi avstraliyalik onalarga berilgan. U 2,4 million chaqaloqning hayotini saqlab qolgan inson sifatida e’tirof etiladi.

Jeyms Harrison 2025-yil 17-fevral kuni, 88 yoshida uyqusida tinchgina vafot etdi.

Hozirda olimlar ushbu antitanani laboratoriya sharoitida ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lishdi va bu kelajakda butun dunyodagi onalar va bolalarni himoya qilishiga umid qilinmoqda.

Fazliddin Sattorov

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qisqa seminarda ulkan bilimlar

Termiz davlat universitetida “Sun’iy intellekt savodxonligi” yo‘nalishida 24 soatlik...

Jeyms Harrison hikoyasi

1951-yilda avstraliyalik 14 yoshli bola jarrohlik amaliyoti paytida o‘lim...

Xose Mariya Mendes bosh murabbiy

Ispaniyalik Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal terma jamoasiga bosh...

“Yangiqurilish” — obodlik maskani

Oltinsoy tumanidagi «Yangiqurilish» mahallasi bugun nafaqat zamonaviy inshootlar bilan...
KunTun
KunTun