Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib borayotir.Raqamli transformatsiya jarayoni kutubxonalar faoliyatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sharoitda kutubxonachi kasbining mazmun-mohiyati ham o‘zgarib, yangi talab va vazifalar yuzaga kelmoqda.
Kutubxonachilar endi elektron kataloglar bilan ishlash, ma’lumotlar bazasini yuritish, onlayn xizmatlarni tashkil etish kabi vazifalarni bajarmoqda.
Shu bois, raqamli savodxonlik zamonaviy kutubxonachining asosiy kompetensi-yalaridan biriga aylandi. Raqamli davrda kutubxonachi axborot vositachisi sifatida faoliyat yuritadi. U foydalanuvchiga kerakli ma’lumotni topishda yordam beradi, axborot manbalarini saralaydi va ulardan samarali foydalanishni o‘rgatadi. Shuningdek, kutubxonachilar ijtimoiy tarmoqlar orqali kitobxonlar bilan muloqot qilish, onlayn tadbirlar va vebinarlar o‘tkazish kabi vazifalarni ham bajaradi. Bundan tashqari, chet tillarini bilish va xalqaro axborot resurslaridan foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Raqamli davr kutubxonachilar oldiga bir qator muammolarni ham qo‘ymoqda. Biroq bu muammolar kutubxonachi kasbining ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, axborot oqimi juda katta bo‘lgan sharoitda ishonchli manbani topish va saralashda kutubxonachining roli yanada ortadi.
Dilfuza Aliqulova,
Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi Ilmiy-metodika xizmati bosh mutaxassisi

