Kelajak — bizning qo‘limizda

Date:

Bugun yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar har qachongidan ham keng va sermazmun. Ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, madaniyat va sport sohalarida yoshlar uchun ochilayotgan eshiklar biz — yosh avlod qalbida cheksiz iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.

Chunki bu imkoniyatlar bejiz emas, ular kelajakda Vatan ravnaqiga hissa qo‘shadigan, yetuk kadrlar bo‘lib yetishishimiz uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Bugun bir yosh sifatida shuni chuqur his qilaman: agar harakat qilsak, izlanishdan to‘xtamasak, oldimizda hech qanday to‘siq yo‘q. Davlat grantlari, stipendiyalar, bepul va imtiyozli o‘quv kurslari, zamonaviy texnoparklar, “Yoshlar daftari”, “Bir million dasturchi”, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari — bularning barchasi bizga bo‘lgan ishonch ifodasidir. Bu ishonchni oqlash esa bizning eng katta mas’uliyatimizdir.

Yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalangan holda, bilimli, vatanparvar, zamonaviy fikrlaydigan inson bo‘lib yetishish — bugun har bir yoshning eng ulug‘ maqsadi bo‘lishi kerak. Chunki bugun o‘qib, izlanib, kasb-hunar o‘rganayotgan yosh ertaga Vatan koriga yaraydigan mutaxassis, fidoyi rahbar, halol tadbirkor yoki ilm yo‘lida xizmat qiladigan olim bo‘lib yetishadi. Bu esa nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki butun jamiyat taraqqiyotining garovidir.

Men o‘z tengdoshlarimga shuni aytmoqchiman: imkoniyatni kutib emas, uni qadrlab, undan foydalanib yashaylik. Vaqtni behuda sarflamay, bilim olishga, o‘z ustimizda ishlashga, maqsad sari qat’iyat bilan intilaylik. Har bir o‘qilgan kitob, har bir o‘rganilgan ko‘nikma — bu kelajagimizga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Bugun yaratilayotgan sharoitlar ertangi bunyodkorlikning boshlanishidir. Keling, befarq bo‘lmaylik, yurtimiz ishonchini oqlaylik. O‘qib-uqib, izlanib, mehnat qilib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yoshlar bo‘laylik. Chunki bu yurtning kelajagi — bizning qo‘limizda, bizning bilimimiz va g‘ayratimizdadir.

Shahrizoda Sobirova,

TISU talabasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ogohlik, bilim va mas’uliyat — eng muhim himoya

Bugungi kunda axborot texnologiyalari inson hayotining barcha sohalariga chuqur...

Sukut — daxlsizlik kafolati

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalarning bir necha...

Xalq manfaati dadillikka chorlaydi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hayotimizning...

Taraqqiyotning ma’naviy tayanchi

Diniy bag‘rikenglik – bu shunchaki turli din vakillarining yonma-yon...
KunTun
KunTun