Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini yil davomida sabzavot mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashda issiqxona xo‘jaliklari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, mazkur sohani rivojlantirish va tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanida joylashgan “Lamos agro” MCHJning 100 gektar maydondagi issiqxonalar kompleksi faoliyati bilan tanishdi. U yerda pomidor va bodring yetishtirilib, mahalliy bozor bilan bir qatorda eksportga yo‘naltirilmoqda. Ayni paytda bodring mahsuloti bir qator xorijiy davlatlarga eksport qilinayotgan bo‘lib, loyiha doirasida tuman va qo‘shni hududlar aholisi ish bilan ta’minlangan.
Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan muloqot qilib, mahsulot yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, sohaga doir loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, “Yangiobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududda barpo etilgan “Texno park”da loyihalarni joylashtirish va ishga tushirish bo‘yicha mas’ullarning axborotlari tinglandi. Ushbu yo‘nalishda xorij tajribasi, jumladan, Xitoyda bo‘lib qaytgan tijorat banklari va tadbirkorlik subyektlarining takliflari tinglandi. Loyihalarni innovatsion yechimlar va ilmiy yondashuvlar asosida amalga oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish vazifalari belgilandi.

